Bir marta bilib-bilmay jinoyat sodir etgan kimsaning bu ishga boshqa qo'l urmasligi uchun qat'iy nazorat zarur. Ayniqsa, huquqbuzarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazo berilgan bo'lsa, u holda maxsus kuzatuv va nazorat zarurati yanada oshadi. Mamlakatimizda bu kabi holatlarni tartibga solish, jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati tashkil etilishi mana shu yo'ldagi muhim qadamlardandir.

 Probatsiya “sinov” degan ma'noni anglatib, xalqaro amaliyotda ham mavjud bo'lgan bu xizmat ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarning ijrosini ta'minlash va nazorat olib borish bilan shug'ullanadi. Ayni kunda Probatsiya xizmatida nazorat ostidagi shaxslarni elektron monitoring qilish tizimi — elektron braslet joriy etilmoqda.  

— Nazoratning mazkur usulini joriy etishdan oldin mahkumlar hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo choralari qo'llanilgan shaxslarni nazorat qilish borasidagi dunyo tajribasini o'rgandik, — deydi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati boshlig'i, polkovnik Mahamadali Ismoilov. — Xorijiy davlatlarda nazorat elektron brasletlar yordamida samarali amalga oshirib kelinmoqda. elektron qurilma nazoratdagi shaxsning xulq-atvori, harakatlanish hududini monitoring qilib boradi.

elektron brasletlar jazoni ijro etish tizimi faoliyatiga ikki bosqichda joriy etish rejalashtirildi. Birinchi bosqich — 2020—2021 yillarda Probatsiya xizmati nazoratidagi, ya'ni ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazoga hukm qilingan shaxslarga elektron brasletlar joriy qilinadi.

Ma'lumot uchun aytish mumkinki, ayni kunda Probatsiya xizmati nazorati ostida jami 59 611 nafar shaxs bo'lib, ular orasida axloq tuzatish ishlari, majburiy jamoat ishlariga jalb qilingan, muayyan huquqdan mahrum qilingan, ozodligi cheklangan, shartli hukm qilingan, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganlar bor. O'tgan yil yakuniga ko'ra, Probatsiya nazorat ostidagi shaxslar tomonidan 192 ta jinoyat sodir etilgan. Gap shundaki, elektron braslet yordamida nazoratni kuchaytirib buning oldini olish mumkin. To'g'ri, jinoyatchilar qilmashiga yarasha jazosini oladi. Lekin jinoyatchini jazolagandan ko'ra, uning jinoyat sodir etishiga yo'l bermaslik, axloqan tuzatish ming karra afzaldir. Zotan, jahonning 60dan ortiq davlatlari, xususan, Buyuk Britaniya, Rossiya, SHvetsiya SHvetsariya, Frantsiya, Avstriya, AQSH, Janubiy Koreya, Kanada, Niderlandiyada nazorat ostidagi shaxslarning xatti-harakatlari elektron brasletlar yordamida monitoring qilib boriladi.

Ikkinchi bosqichda jazoni ijro etish tizimidagi manzil-koloniyalarida jazo muddatini o'tayotgan mahkumlarga elektron brasletlar taqdim etiladi. Aytish lozimki, jazoni ijro etish tizimida 9 351 nafar mahkum jazo muddatini o'tamoqda.  Ularning ma'muriyat ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishi hamda shartnoma asosida korxona va tashkilotlarga ishga jalb qilinishini inobatga olgan holda, ularning belgilangan hududni o'zboshimchalik bilan tashlab ketish, turli huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etishi kuzatiladi. 2019 yil davomida manzil-koloniyalarda jazo muddatini o'tayotgan mahkumlar tomonidan 22 ta jinoyatlar sodir etilgani fikrimiz dalili.

YOpiq turdagi jazoni ijro etish koloniyalarida og'ir va o'ta og'ir jinoyat sodir etgan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlanib, ular jazo muddatini qo'riqlov ostida o'taydilar. Bunday o'rinlarda hozirda 16 162 nafar mahkum jazo muddatini o'tamoqda. Mazkur koloniyalar devorlar bilan o'ralib, IIV Qorovul qo'shinlarining qurollangan soqchilar hamda muhandislik texnik qo'riqlov vositalari yordamida qo'riqlanadi. SHuningdek, yopiq turdagi jazoni ijro etish koloniyalarida mahkumlar koloniya ma'muriyati va harbiy nazoratchilar tomonidan uzluksiz nazorati ostida bo'lib, barcha hududlari videokuzatuv vositalari bilan jihozlangan. SHu sababli, yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini o'tayotgan mahkumlarni nazoratini amalga oshirishga elektron brasletlarni joriy qilishga ehtiyoj yo'q.

Xullas, elektron braslet nazorat ostidagi shaxsga tuzalish yo'liga o'tish, jamiyatga ijtimoiy moslashish, kasb-hunar o'rganish va ishga joylashishdan o'zga imkon qoldirmaydi. Tuzalish yo'liga o'tganlar bir umr elektron braslet taqib yurishga majbur emas, ular vaqti-soati bilan nazoratdan chiqariladi.

Sanobar JUMANOVA