“NazzAR” innovatsion startap loyihasining elektron muzeyi endi Jizzaxda

    Keyingi avlod 23 Yanvar 2022 1781

    «Kelajak liderlari» va Innovatsion rivojlanish boshqarmasi tashabbusiga koʻra, Respublikamizdagi “NazzAR” innovasion startap loyihasining ilk elektron muzeyi Jizzax shahrida oʻrnatildi.

    Joriy yil 21-yanvarda Jizzax shahrida SmartChain IT kompaniyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan davra suhbatida yoshlarga “NazzAR” innovatsion startap loyihasi va uning ahamiyati, yoshlarga taʼsiri haqida tushunchalar berildi va “NazzAR” startap loyihasining elektron muzeyi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Tadbir doirasida Jizzax viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi vakillari tomonidan hududdagi innovatsion muhit, yoshlar orasida startap loyihalarni har tomonlama takomillashtirish va yanada rivojlantirish strategiyasi toʻgʻrisida yoshlarga maʼlumotlar berildi.

    Shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalar haqida yoshlarga batafsil maʼlumot berildi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Albatta, bu kabi master-klasslarni tashkil etish yoshlar orasida innovatsion bilimlarni yuksaltirish, startap loyihalarni ishlab chiqishga undash va koʻmaklashishga muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.

    Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qoʻllab-quvvatlab kelinayotgan startap loyihalaridan biri – toʻldirilgan reallikka asoslangan “NazzAR” mobil ilovasini yaratgan SmartChain IT kompaniyasidir.

    Ushbu “NazzAR” startap loyihasi har qanday moddiy vositaga kengaytirilgan haqiqat elementlarini birlashtirishi mumkin boʻlgan innovatsion dastur hisoblanadi. Smartfon orqali “NazzAR” belgisiga yoʻnaltirilganda mobil qurilma ekranida real obyektlarning 3D shakllari, video roliklari, foto suratlar jonlanadi. Yurtimizda bugungi kunda NazzAR mobil ilovasining imkoniyatlari turizm sohasida, ayniqsa muzeylarda keng qoʻllanilyapti. Samarqand shahridagi “Goʻri Amir”, “Bibixonim” maqbaralari, Ulugʻbek rasadxonasi, “Afrosiyob” muzeyi, «Elmerosi» ilmiy kiyimlar teatri, Davlat madaniyat tarixi muzeyi, Oʻlkashunoslik muzeyi, Asrorxoʻja ansambli, Xiva shahridagi «Ichan qalʼa», Samarqand shahridagi Registon maydoni, Buxoro shahrida “Ark” va “Mohi xossa” tarixiy madaniy meros obyektlari, Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Abdulla Qahhor, Sergey Borodin, Muxtor Ashrafiy uy-muzeylari va boshqa tarixiy maskanlarda mazkur mobil ilova orqali eksponatlar haqidagi maʼlumotlarni yanada qiziqarli shaklda sayyohlarga yetkazish imkoniyati yaratilgan ekan.

    Jizzax “Kelajak liderlari” klubi va

    Jizzax viloyat Innovatsion rivojlanish boshqarmasi matbuot xizmatlari.