Tadbirda taʼkidlanishicha, bu yilgi dasturda jami 1 200 dan ziyod talabalar ishtirok etgan va 3 bosqichdan soʻng jami 12 nafar iqtidorli talabalar saralab olingan. Ishtirokchilar soni sezilarli darajada koʻpayganini inobatga olib va tanlovda ishtirok etgan iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tanlov komissiyasi qoʻshimcha 18 ta faol ishtirokchilarni ham maxsus sertifikatlar bilan taqdirlashga va ularga GTL zavodida ishlab chiqarish amaliyoti, “Uzbekistan GTL” kompaniyasida malaka oshirish, hamda oʻqishining soʻnggida oʻz mutaxassisligi boʻyicha GTL zavodida ish bilan taʼminlanishini maʼlum qildi.
Endi 12 nafar stipendiya sohiblariga oʻquv yili davomida “Uzbekistan GTL” kompaniyasi tomonidan qoʻshimcha oylik stipendiya toʻlab boriladigan boʻldi.
Taqdirlash marosimi doirasida yillar davomida neft va gaz sohasi uchun minglab malakali kadrlarni tayyorlab kelayotgan bir qator oliy taʼlim muassasalariga yosh avlod mutaxassislarini tayyorlash, ilmiy salohiyatini rivojlantirish, jumladan fan va neftgaz-kimyo korxonalari integratsiyasini kengaytirishga qoʻshgan hissasi uchun “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisining maxsus tashakkurnomalar topshirildi.
Ushbu oliy taʼlim muassasalari bilan “Uzbekistan GTL” va “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
“Uzbekistan GTL” kompaniyasining stipendiyalar dasturi gʻoliblari, faol ishtirokchilari, oliy taʼlim muassasalarning rektor va professor-oʻqituvchilari Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi faoliyati va GTL zavodining qurilishi bilan yaqindan tanishdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.