Joriy yil 30-yanvar kuni boʻlib oʻtgan taqdimotda kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirib, zaxiralarni koʻpaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Bugun davlatimiz rahbariga bu boradagi ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Avvalo, kompaniya faoliyatida xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, markaziy apparatning tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqilib, optimallashtirilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovar va materiallar narxlari va pudrat ishlari boʻyicha narxlarni qayta koʻrib chiqish, kredit portfelini tartibga solish boshlandi. Sohaga oid boʻlmagan aktivlar tasarrufdan chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, debitor qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, 2026-2027-yillarda qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlarni qurilish bilan yakunlash rejalari belgilangani aytildi. Shuningdek, joriy yil yanvar-fevral oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida maʼlumot berildi.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit oʻtkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlashni davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.