Sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan tibbiy dori vositalari insonlar salomatligiga jiddiy xavf solishi hech kimga sir emas. Ammo ayrim kimsalar tomonidan shunday dorilarni yurtimizga qingʻir yoʻllar orqali olib kirishga boʻlgan urinishlar tez-tez kuzatilmoqda.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Mirzaobod tumani hududida tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida kuzatuvga olingan fuqaro I.B. boshqaruvidagi “Neksiya-3” hamda fuqaro F.Yo. boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli yengil avtotransport vositalari tuman hududida toʻxtatilib, oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirildi.

Natijada, avtotransport vositalarining saloni va yukxonasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida avtomashinada boshqa bir fuqaro U.O.ga tegishli boʻlgan, sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 77,4 million soʻmlik 9 turdagi tibbiy dori vositalari borligi aniqlandi.