Nashrning qayd etishicha, AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi mundial rekordlar turniri boʻladi: 48 ishtirokchi, 104 ta oʻyin va 4 ta yangi jamoa — Oʻzbekiston, Kyurasao, Iordaniya va Kabo-Verde. Nemis matbuoti debyutantlar orasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga alohida toʻxtalgan.

Maqolada “Oq boʻrilar”ning Jahon chempionatiga yoʻl olishi tarixiy voqea sifatida baholangan. Xususan, 2025-yil 5-iyun sanasi oʻzbek futboli tarixiga zarhal harflar bilan yozilgani, Temur Kapadze boshchiligida BAAga qarshi kechgan (0:0) uchrashuv Oʻzbekistonni mundialga olib chiqqani taʼkidlanadi. Shu bilan Oʻzbekiston Markaziy Osiyodan Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan birinchi davlatga aylandi.

Germaniyalik jurnalistlar Oʻzbekistonda futbolga davlat darajasida koʻrsatilayotgan eʼtiborni alohida eʼtirof etgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan futbolchilarning faxriy unvonlar, ordenlar va sovgʻalar bilan taqdirlanishi nemis oʻquvchilarida katta qiziqish uygʻotgan.

Terma jamoaga 2006-yilgi Jahon chempioni Fabio Kannavaroning murabbiy etib tayinlanishi jamoa oʻyinini yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligi taʼkidlangan.

21 yoshli Abduqodir Husanovning Angliya Premyer-ligasida Pep Gvardiola qoʻl ostida toʻp surayotgan ilk oʻzbek futbolchisi ekani alohida qayd etilib, Oʻzbekiston himoyasi JCH–2026da “temir panjara” boʻlishi mumkinligi aytilgan.

Mundialning “K” guruhida Oʻzbekistonni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi murakkab imtihon kutmoqda. Nemis nashrining xulosasiga koʻra, Kannavaroning taktik bilimi va futbolchilarning xalqaro tajribasi “Oq boʻrilar”ni JCH-2026ning eng xavfli debyutantiga aylantirishi mumkin.