Kecha boʻlib oʻtgan tadbirda zamonaviy tibbiyotning eng murakkab va koʻp tarmoqli muammolaridan biri — tinnitus (quloqdagi shovqin) masalasiga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.
Epidemiologik maʼlumotlarga koʻra, dunyo aholisining 10–15 foizi tinnitusdan aziyat chekadi. Ulardan 1–2 foizi uchun bu holat hayot sifatini jiddiy pasaytiradi. Shu sababli, mutaxassislar tinnitusni endilikda faqat otorinolaringologik muammo emas, balki nevrologik, psixiatriya va endokrinologiya sohalarini qamrab olgan fanlararo masala sifatida koʻrmoqda.
Professor Yakutxon Majidova oʻz maʼruzasida shunday dedi:
“Tinnitus — bu alohida kasallik emas, balki bir qator murakkab patologik jarayonlarning belgisidir. Uning ildizi eshitish tizimi, qon aylanish, asab va endokrin tizimlaridagi oʻzgarishlar bilan chambarchas bogʻliq.”
Mutaxassisning fikricha, tinnitusni samarali davolash uchun kompleks yondashuv zarur. Zamonaviy diagnostika usullari — audiometrik tekshiruvlar, tomirlar dopplerografiyasi, magnit-rezonans tomografiyasi, laborator tahlillar va bemorning psixologik holatini baholash — muammoni aniqlash va uni bartaraf etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Konferensiya doirasida olimlar tinnitus patogenezini tizimli tahlil qildilar va uning turlarini farqlash imkonini beruvchi yangi diagnostika mezonlarini ilgari surdilar. Toshkent davlat tibbiyot universiteti professori Yo.Majidova kombinatsiyalangan davo usullari — dori vositalari, neyromodulyatsiya, kognitiv-poveden terapiya va audiotreningni uygʻunlashtirish yoʻnalishini eng istiqbolli deb baholadi.
Tadqiqot natijalarini klinik amaliyotga joriy etish shifokorlarga bemorlardagi qoʻshimcha buzilishlarni erta aniqlash va reabilitatsiya samaradorligini oshirish imkonini beradi. Anjumandagi muhokamalar fanlararo hamkorlikni kuchaytirish va amaliyotga yoʻnaltirilgan ilmiy ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Bu konferensiya zamonaviy tibbiyotdagi integratsiya va hamkorlikning beqiyos ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Gulchehra Mirzayeva,
Tosh DavTu matbuot kotibi








