Fargʻona viloyatining turizm salohiyatini toʻliq ishga solish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻz natijasini bermoqda. Keyingi yillarda hududga xorijiy sayyohlar tashrifi bir necha barobar oshgani ham buning yaqqol dalilidir.
Qadimiy Margʻilon shahri bu borada katta imkoniyatlarga ega. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qarori asosida bu yerda “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi barpo etildi. Milliy meʼmorchilik anʼanalari, Margʻilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uygʻunlashgan ushbu majmua qadim shahar ichidagi shaharchadir.
35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.
Buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini oʻrganish va targʻib qilish majmuaning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “Oʻtkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uygʻunlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.
Qiymati 1,7 trillion soʻm boʻlgan loyihaning bosh rejasi Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 oʻrinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat koʻrsatish nuqtasi hamda 300 oʻrinli bozor tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari majmua boʻylab yurib, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, bozor rastalari bilan tanishdi. Jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat qurdi.
Majmua toʻliq ishga tushgach, viloyatga yiliga oʻrtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish oʻrni yaratiladi, budjetga 52 milliard soʻm tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti taʼminlanadi.
Shuningdek, “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi tajribasini Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qoʻqondagi Oʻrda, Namangandagi “Axsikent” yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.