Bu haqda agentlikning «Xorijda ish» Telegram kanalida xabar berildi.

Migratsiya agentligi Slovakiyaning «Penta Hospitals International» kompaniyasi bilan hamkorlikda shifokorlar, hamshiralar va tibbiyot ogʻalarini Yevropaning uchta davlatida mehnat faoliyatini davom ettirishga taklif etmoqda.

Loyiha doirasida shifokorlarga oyiga 2 200 yevro, hamshiralar va tibbiyot ogʻalariga esa 1 800 yevrodan boshlanadigan maosh taklif qilinmoqda.

Dasturda shifokorlar, shuningdek, rus tilida erkin muloqot qila oladigan va soʻnggi ikki yil ichida hamshiralik yoʻnalishi boʻyicha oliy tibbiy taʼlim muassasasini tamomlagan mutaxassislar ishtirok etishi mumkin.

Saralangan ishtirokchilar Migratsiya agentligining «Intil» xalqaro markazida chex, slovak va polyak tillari boʻyicha uch oylik jadallashtirilgan kurslarda oʻqiydi. Mashgʻulotlarni Chexiya, Slovakiya va Polsha davlatlaridan jalb etiladigan malakali oʻqituvchilar olib boradi.

Oʻqish va turar joy xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi. Viza hujjatlarini rasmiylashtirishda ham nomzodlarga amaliy yordam koʻrsatiladi.

Oʻquv jarayonlari 2026-yil noyabr oyidan boshlanishi rejalashtirilgan. Viza rasmiylashtirish ishlari til kurslari bilan bir vaqtda olib boriladi.

Loyiha tibbiyot mutaxassislariga xorijda ishlash, xalqaro tajriba orttirish va kasbiy malakasini oshirish imkonini beradi.