Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Siyosiy muloqotni, parlamentlararo, hukumatlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, suv va ekologiya sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalarini muhokama qiladilar.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Birgalikda tarixiy obidalarni ziyorat qilish, sanoat korxonalari faoliyati va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.

Bugun esa davlatimiz rahbari Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.