Bugun poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari tadbirda so‘zga chiqib, mamlakat qudrati nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki uning maʼnaviyati, madaniyati, adabiyot va sanʼati bilan ham belgilanilishini taʼkidladi.

– Qaysi millatning adabiyoti boy, musiqasi yurakka yaqin, teatri hayotiy, kinosi taʼsirchan, sanʼati jozibador bo‘lsa, o‘sha xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi, – dedi Prezident.

Shu maʼnoda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida inson qalbini tarbiyalaydigan katta maʼnaviy makon yaratilayotgani qayd etildi. Bu borada ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, kreativ soha vakillarining o‘rni beqiyos ekani taʼkidlandi.

Ijod ahlining fidoyi mehnati tufayli jamiyatimizda milliy ruh mustahkamlanayotgani, xalqimiz tafakkuri yuksalayotgani, yoshlar qalbida ezgulik, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ulari chuqur joy olayotgani alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari sohaning 167 nafar ilg‘or vakili yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganini mamnuniyat bilan taʼkidladi. Ular orasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan yozuvchi va shoirlar, xonanda va sozandalar, raqs ustalari, opera ijrochilari va bastakorlar, teatr, kino va sirk sanʼati namoyandalari, baxshilar va askiyachilar, hunarmand va rassomlar, madaniy meros, muzey va kutubxona xodimlari, ustoz va murabbiylar borligi barchamizga faxr bag‘ishlashi eʼtirof qilindi.

Shu bilan birga, bugun oramizda bo‘lmasa-da, so‘zi, kuy-qo‘shig‘i, ijodi va butun hayoti bilan xalqimiz qalbida mangu yashab kelayotgan adabiyot, madaniyat va sanʼat darg‘alarining muqaddas xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Ularning 24 nafari davlat mukofotlari bilan vafotidan so‘ng taqdirlandi.

– Yurtimizdagi har bir insonning, hatto ular o‘tib ketgan bo‘lsa-da, xizmatlarini munosib eʼtirof etish ham bizning maʼnaviy burchimizdir. Bu ajdodlar xotirasini yuksak qadrlaydigan xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi, – dedi davlatimiz rahbari.

Marosimda Prezidentimiz mukofot sohiblariga faxriy unvonlar, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi.

Davlatimiz rahbari mukofotlanganlarni butun xalqimiz nomidan samimiy tabriklab, yuksak eʼtirof ularni yangi-yangi ijodiy yutuqlarga ilhomlantirishini ishonch bilan taʼkidladi.

Mukofotlanganlar yuksak hurmat va eʼtibor, madaniyat rivoji va ijodkorlarga yaratilayotgan keng sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.