Xususan, Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida qoʻshma bayonot qabul qilindi hamda Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Ushbu davlatlararo hujjatlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Shuningdek, imtiyozli savdo, jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam, madaniyat va madaniy ijodkorlik sanoati, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalarida bitimlar va anglashuv memorandumlari imzolandi.

Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya, togʻ-kon sanoati va geologiya, uy-joy qurilishi va shaharsozlikni rivojlantirish, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlarini nazorat qilish, sogʻliqni saqlash xizmatlari hamda chorvachilik yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent va Ammon shaharlari, shuningdek, Samarqand shahri va Petra turizm mintaqasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar almashildi.

Davlat tashrifi doirasida jami 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi. Ushbu muhim kelishuvlar Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.