Jahon iqtisodiyotida keng koʻlamli texnologik transformatsiya jarayoni kechayotgan bir davrda Qozogʻistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi samarali raisligini alohida qayd etmoqchiman.

Sammitimiz arafasida sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish masalalariga bagʻishlangan beshinchi Yevroosiyo iqtisodiy forumi ochilgani ramziy maʼnoga egadir. Bugungi kunda aynan raqamli texnologiyalar, zamonaviy logistik yechimlar va sanoat kooperatsiyasi koʻp jihatdan davlatlarning raqobatdoshligi, bozorlar barqarorligi va milliy iqtisodiyotlarning tashqi xatarlarga munosib javob qaytara olish qobiliyatini belgilamoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston uchun YOII mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish tashqi iqtisodiy siyosatning eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.

Bugungi kunda bizning YOII davlatlari bilan oʻzaro hamkorligimiz kompleks iqtisodiy sheriklik tusini oldi. Oʻzaro savdo hajmi oʻsmoqda, sanoat kooperatsiyasi chuqurlashmoqda, logistik aloqalar mustahkamlanmoqda, raqamli iqtisodiyot, energetika va xizmatlar sohasida yangi yoʻnalishlar shakllanmoqda. 

Oʻzbekiston Ittifoqning barcha asosiy tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan uch yillik Hamkorlik rejasini amalga oshirishni yakuniga yetkazmoqdamiz. Oʻzbekiston hukumati Qoʻshma ishchi guruhining navbatdagi majlisini joriy yilning kuz faslida Toshkent shahrida oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Uning doirasida keyingi davr uchun moʻljallangan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilishni taklif etamiz.

Yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Savdo va yuk tashuvlarini raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va iqlim borasida kun tartibidagi masalalar boʻyicha tarmoq dasturlarida ishtirokimizni davom ettirmoqdamiz.

Toshkent shahrida Yevroosiyo taraqqiyot bankining mamlakat ofisini ochdik, birgalikda muayyan loyihalar portfeli shakllantirildi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

YOII bilan hamkorligimizni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini qisqacha koʻrsatib oʻtmoqchiman.

Birinchi. Oʻzbekiston va YOII davlatlari oʻrtasida toʻsiqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga kirishishni muhim deb hisoblaymiz.

Bu yerda soʻz elektron tijoratni rivojlantirish va uni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash, shuningdek, elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich oʻzaro tan olish haqida bormoqda.

Shuningdek, raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda oʻtkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yoʻlaklarini yaratish ishlariga kirishish maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasi rivojiga yangi turtki berish muhimdir.

Biz biznesning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganini koʻrmoqdamiz. Buni joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan oltinchi “INNOPROM. Markaziy Osiyo” koʻrgazmasi ham tasdiqlaydi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashda mazkur koʻrgazma salohiyatidan foydalanishni taklif etamiz. Sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va boshqa sohalarni istiqbolli yoʻnalishlar qatorida qayd etish mumkin.

Oʻzbekistonda kooperatsiya boʻyicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalarimiz negizida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga koʻmaklashadigan qoʻshma loyiha ofisini tashkil etishga tayyormiz.

YOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz.

Uchinchi. Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sigʻimini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qoʻshma dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda.

Qoʻshma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, ularni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan oʻrin olishi mumkin.

Toʻrtinchi. Bandlik boʻyicha milliy elektron xizmatlarni oʻzaro bogʻlash orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni dolzarb deb hisoblaymiz.

Bu yerda soʻz fuqarolarning ishonchli boʻsh ish oʻrinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi maʼlumotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishini taʼminlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirish haqida bormoqda. Bu bir paytning oʻzida mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi.

Beshinchi. Bugungi kunda turizm madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligimizning eng jadal rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.

Biz “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusini ilgari surdik. YOII mamlakatlarini unda ishtirok etish va mazkur turistik yoʻnalishni ommabop raqamli platformalarda birgalikda targʻib qilishga taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Soʻzimning yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishimiz qat’iyligini yana bir bor tasdiqlamoqchiman.

Oʻzbekistonning yuqorida qayd etilgan qoʻshma tashabbus va loyihalarda ishtirok etishi oʻzaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash hamda davlatlarimizning barqaror rivojlanishiga koʻmak berishiga ishonaman.