Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston – Braziliya munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajada tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish, siyosiy va parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika va sanoatning boshqa tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Qishloq xoʻjaligi, seleksiya, turizm, sport va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlik istiqbollari kun tartibida boʻldi.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Hukumatlararo komissiya tuzish taklif etildi.

Tomonlar xalqaro darajadagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, boʻlajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.