Shu yilning 17–19-aprel kunlari Berlindagi Arab madaniyat uyida oʻtkazilgan xalqaro bolalar kitob festivali Oʻzbekiston bolalar adabiyoti uchun ham muhim voqeaga aylandi. Zero, tadbirda Germaniyadagi Oʻzbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan milliy stendimizdan Oʻzbekiston bolalar adabiyotining boy va rang-barang namunalari keng oʻrin oldi. Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari hamda Oybek Ostonov tomonidan amalga oshirilgan tarjimalar alohida eʼtiborni tortdi. Zamonaviy bolalar adabiyotidan esa Dinara Muminova, Saida Rashidova, Feruza Nazarova hamda Sitora Usmanovaning kitoblari festival koʻrgazmasiga qoʻyilib, xalqaro kitobxonlar eʼtiboriga havola etildi.
Tadbirning eng yorqin jihatlaridan biri — “Koʻprik va Doʻstlik” nomli ikki tilda (oʻzbek va nemis) yaratilgan kitob taqdimoti boʻldi. Ushbu taqdimot interaktiv tarzda tashkil etilib, bolalarda katta qiziqish uygʻotdi. Doʻstlik gʻoyasi bolalar qalbiga tez yetib borgani holda, ota-onalar tomonidan ham samimiy va iliq kutib olindi.
Festival nafaqat kitoblar namoyishi, balki madaniyatlar oʻrtasida muloqotni mustahkamlovchi maydonga aylandi. Unda yangi doʻstona aloqalar oʻrnatilib, kelgusida bolalar adabiyoti va madaniy loyihalar doirasida hamkorlik qilish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Bunday xalqaro tadbirlarda Oʻzbekistonning faol ishtiroki milliy adabiyotimizni dunyoga tanitish, yosh avlod qalbida kitobga mehr uygʻotish va doʻstlik qadriyatlarini mustahkamlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.
Sitora Usmonova,
Germaniyadagi vatandosh.