Qonun muqaddimasida taʼkidlanishicha, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalada boʻlishi ortib bormoqda va bu aholi salomatligi hamda genofondiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Aynan shu sababli 2026-yil 11-iyunda Oʻzbekiston Respublikasining 1151 sonli Qonuni qabul qilindi. Hujjat Jinoyat kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha hamda oʻzgartishlar kiritib, shu sohadagi javobgarlik tizimini yangicha asosda qayta qurdi.

Qonun qachon va qanday qabul qilindi?

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2026 yil 10 fevralda qabul qilingan, Senat 18 mayda maʼqullagan, Prezident 11 iyunda imzolagan. Hujjat 2026 yil 12 iyundan kuchga kirgan. Qonunning maqsadi uchta: giyohvandlik bilan bogʻliq javobgarlik normalarini tizimlashtirish, qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirish va boshqa qonun hujjatlari bilan muvofiqlashtirish.

Bir bobga jamlangan yangi tizim

Eng muhim oʻzgarishlardan biri tuzilmaviy xususiyatga ega. Jinoyat kodeksi Maxsus qismining oltinchi boʻlimi endi “Jamoat xavfsizligiga, aholi salomatligi va genofondiga, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar” deb ataladi, XIX bob esa “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomini oldi. Shu bobga 2761-moddadan 27613-moddagacha boʻlgan yangi normalar qoʻshildi. Bir qator moddalar chiqarib tashlanib, ularning mazmuni yangi bobga koʻchirildi. Masalan, 113-modda chiqarib tashlanib, tanosil yoki OIV kasalligini tarqatish uchun javobgarlik endi 2769-moddada, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni sotish uchun javobgarlik esa 27611-moddada belgilangan.

Yangi jinoyat tarkiblari

Gʻayriqonuniy narkolaboratoriya. Qonunda bu tushuncha birinchi marta aniq taʼriflandi: giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki qayta ishlash uchun maxsus tashkil etilgan, kerakli kimyoviy moddalar va asbob uskunalar bilan jihozlangan har qanday koʻchar yoki koʻchmas mulk obyekti, yaʼni xonadondan tortib transport vositasigacha boʻlgan joy narkolaboratoriya hisoblanishi mumkin. Uni tashkil etish yoki saqlash uchun besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki takroran sodir etilsa, jazo oʻn yildan oʻn besh yilgacha, uyushgan guruh tomonidan yoki ikki va undan ortiq narkolaboratoriya tashkil etgan holda sodir etilsa, oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga qadar oshadi.

Bangixona. Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni, ularning analoglarini yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilish yoxud tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlash alohida jinoyat sifatida belgilandi. Bunga uch yildan besh yilgacha, guruh yoki takroran sodir etilganda besh yildan sakkiz yilgacha, uyushgan guruh tomonidan sodir etilganda sakkiz yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Narkobiznesga homiylik. Hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, giyohvandlik vositalari yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilgan, shuningdek bunday faoliyat fosh boʻlishining oldini olish maqsadida xizmat faoliyati yuzasidan oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni xabar qilgan shaxs besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Eng ogʻir hollarda, masalan koʻp miqdordagi vositalar yoki uyushgan guruh manfaatlari bilan bogʻliq boʻlsa, jazo oʻn besh yildan yigirma yilgacha yetadi. Bu norma narkotiklar savdosini himoya qiluvchi mansabdor shaxslarga qarshi qaratilgan.

Kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalar. Ilgari asosiy eʼtibor giyohvandlik vositalariga qaratilgan boʻlsa, endi giyohvandlik vositasi hisoblanmaydigan, lekin xavfli boʻlgan kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar ham alohida himoya ostiga olindi. Ularni oʻgʻrilik yoki firibgarlik yoʻli bilan egallash (2764-modda), targʻib qiluvchi mahsulot tarqatish (2765-modda), oʻtkazish maqsadida tayyorlash va sotish (2766-modda), ishlab chiqarish va foydalanish qoidalarini buzish (2767-modda) hamda alohida toifadagi moddalarni oʻtkazish maqsadisiz saqlash (2768-modda) uchun javobgarlik belgilandi.

Sotish maqsadidagi harakatlar uchun jazo bosqichma bosqich ogʻirlashadi

273-moddaga koʻra, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish jinoyat hisoblanadi. Qonun jazoni qilmishning xavflilik darajasiga qarab keskin tabaqalashtirdi. Eng yengil holatda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jazolar nazarda tutilgan boʻlsa, qilmish taʼlim tashkilotlarida va ularga tutash hududlarda, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilsa, yetti yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilsa, jazo oʻn yildan oʻn besh yilgacha, koʻp miqdorda yoxud ikki va undan ortiq davlat hududida sodir etilsa yoki Internet orqali uyushgan guruh tomonidan amalga oshirilsa, oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga qadar belgilangan.

Ixtiyoriy topshirgan shaxs jazodan ozod etiladi

Qonun faqat jazoni kuchaytirish bilan cheklanmaydi, u insonga toʻgʻri yoʻlga qaytish imkonini ham beradi. Sotish maqsadida giyohvandlik vositasini saqlagan shaxs oʻz ixtiyori bilan aybini boʻyniga olish haqida hokimiyat organlariga arz qilsa va vositalarni topshirsa, jazodan ozod qilinadi (273-modda). Narkolaboratoriya tashkil etgan shaxs ixtiyoriy arz qilib, chin koʻngildan pushaymon boʻlsa va jinoyatni ochishda faol yordam bersa, u ham jazodan ozod etiladi (2761-modda). Shunga oʻxshash qoidalar kuchli taʼsir qiluvchi moddalarga oid 2766 va 2768-moddalarda ham mavjud.

Yoshlar va taʼlim muhiti alohida himoyada

Qonunning katta qismi voyaga yetmaganlarni himoya qilishga qaratilgan. Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat sodir etishga jalb qilish uchun besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi (127-modda). Voyaga yetmagan shaxsni spirtli ichimliklar yoki ongga taʼsir qiluvchi vositalarni isteʼmol qilishga, ayniqsa giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini isteʼmol etishga jalb qilish esa 27610-moddada alohida jinoyat sifatida belgilandi. Giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilishga jalb etish uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan. Bu qilmish ikki va undan ortiq voyaga yetmaganga nisbatan, taʼlim tashkilotlari hududida yoki odam oʻlimiga sabab boʻlsa, jazo besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga qadar kuchayadi. 274-moddada esa maktabgacha taʼlim tashkilotlari va oʻquv yurtlari oʻrniga umumiy “taʼlim tashkilotlari” tushunchasi qoʻllanildi, bu himoya doirasini kengaytirdi.

Dori vositalari: bemorlar va dorixonalar nimani bilishi kerak?

Qonun xalq salomatligiga tahdid soluvchi yana bir sohaga eʼtibor qaratdi. 27612-modda sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy jihozlarni sotish maqsadida ishlab chiqarish, saqlash va oʻtkazishni, dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida sotishni jinoyat deb belgiladi. Bunday harakat ancha miqdorda yoki maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilsa, jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Odam oʻlimiga yoki ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, jazo oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha yetadi. Shuningdek, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana sotish tartibini buzish ham, agar bunday harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin yoki koʻp miqdorda sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka olib keladi.

Maʼmuriy javobgarlik: isteʼmol qilish ham jazosiz qolmaydi

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham muhim oʻzgartishlar kiritildi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini oʻtkazish maqsadini koʻzlamay oz miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish uchun javobgarlik 56-moddada saqlab qolinib, tahrir aniqlashtirildi: bunday holatda giyohvandlik vositalari musodara qilinib, jarima solinadi yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa maʼmuriy jazo qoʻllanadi. Alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni oʻtkazish maqsadisiz saqlash uchun ham maʼmuriy javobgarlik 563-moddada belgilandi.

Eng sezilarli yangilik esa kodeksga kiritilgan 1871-moddadir. Unga koʻra giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida isteʼmol qilganlik uchun 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanadi. Demak, endi koʻcha, bogʻ yoki boshqa jamoat joyida bunday moddalarni isteʼmol qilish yengil huquqbuzarlik sifatida baholanmaydi.

Atamalar aniqlashtirildi

Qonun amaliyotda koʻp savol tugʻdiradigan tushunchalarni ham aniqlashtirdi. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning analogi deganda kimyoviy tuzilishi va xossalariga koʻra ularga oʻxshash, ruhiyatga ular singari faol taʼsir etadigan, sintetik yoki tabiiy kelib chiqishdagi moddalar tushuniladi. Prekursorlar esa roʻyxatga kiritilgan va nazoratga olinadigan, giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun ishlatiladigan moddalardir. Koʻp miqdor tegishli davlat organi tomonidan belgilanadi, ozginadan koʻproq miqdor esa tegishli davlat organining xulosasiga muvofiq aniqlanadi. Jinoyat protsessual kodeksiga ham muvofiqlashtiruvchi oʻzgartishlar kiritilib, tergovda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning mavjudligi, turi va miqdorini aniqlash talabi mustahkamlandi.

Fuqarolar uchun amaliy xulosalar

Birinchidan, giyohvandlik vositalari bilan har qanday aloqa, hatto isteʼmol uchun oz miqdorda saqlash ham, endi aniq javobgarlik bilan bogʻliq. Ikkinchidan, voyaga yetmaganni spirtli ichimlik yoki ongga taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilishga jalb qilish ota onalar, oʻqituvchilar va tanishlar uchun ham jiddiy oqibat keltirib chiqarishi mumkin. Uchinchidan, dori vositalarini faqat dorixonalardan va retsept bilan olish qoidasiga rioya qilish nafaqat salomatlik, balki qonun nuqtai nazaridan ham muhim. Toʻrtinchidan, qonun pushaymon boʻlgan va aybini ixtiyoriy tan olgan shaxsga jazodan ozod boʻlish imkonini beradi, bu esa narkobiznes tarmogʻidan chiqishni istaganlar uchun huquqiy yoʻl ochadi.

Xulosa

1151-sonli Qonun giyohvandlikka qarshi kurashda jazoni kuchaytirish bilan birga, profilaktikani, yoshlarni himoya qilishni va aybini tan olganlarga imkon berishni uygʻunlashtirgan hujjatdir. U narkolaboratoriya, bangixona va homiylik kabi zamonaviy xavflarga javob beradi, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar va sifatsiz dori vositalarini ham qamrab oladi. Biroq jazo choralari faqat bir tomon xolos. Giyohvandlikning oldini olishda oila, mahalla, taʼlim muassasalari va har bir fuqaroning hushyorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.


 Turg‘unov Bunyodbek,
Toshkent davlat yuridik
universiteti Jinoyat-protsessual
huquqi sho‘basi o‘qituvchisi