Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda davlat organlari va tashkilotlarining korruptsiyaga qarshi ichki nazorat — komplaens tuzilmalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakat Prezidenti tomonidan joriy yil korruptsiyaga qarshi kurash sohasida “favqulodda holat” yili deb e’lon qilingani, shu bilan birga ayrim idoralarda profilaktika va ichki nazorat ishlari talab darajasida emasligi keskin tanqid qilindi. Xususan, korruptsiya omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, korruptsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini kuchaytirish, muqarrar javobgarlik va tezkor choralar ta’minlanishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, korruptsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar, davlat organlari, ilmiy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Korruptsiyaning oldini olish klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yig‘ilishda klaster ishtirokchilarining o‘zaro hamkorlik tartibi, vazifa va funksiyalari, ular faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish mexanizmlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, klasterning joriy yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq har chorakda kamida bitta soha kompleks o‘rganiladi. Ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan korruptsiyaga sharoit yaratayotgan omillar tahlil qilinadi.
Shuningdek, korruptsiyaga oid jinoyatlar ulushi yuqori bo‘lgan soha va hududlar ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktiriladi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish choralari ko‘riladi.
Klaster ishtirokchilari o‘rtasida tezkor va samarali hamkorlikni ta’minlash, ma’lumot almashish jarayonlarini raqamlashtirish hamda tahlil ishlarini yagona tizim asosida tashkil etish maqsadida “E-klaster” elektron moduli ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda tashabbuskorlikni oshirish, mas’uliyatsizlik va sustkashlikka barham berish yuzasidan qat’iy ogohlantirish berildi. Har bir subyekt faoliyati natijalari doimiy monitoring qilib borilishi qayd etildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida “Raqamli komplaens” dasturiy kompleksining “Davlat xaridlari” va “Odob-axloq” modullari taqdimot qilindi.
Unda davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlarini barvaqt aniqlash, profilaktik raqamli nazoratni kuchaytirish, shuningdek, Odob-axloq komissiyalari faoliyatini real vaqt rejimida monitoring qilish hamda qoida-buzar davlat xizmatchilari reyestrini shakllantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.