Ma’lum qilinishicha, bugun universitetga Xitoy Xalq Respublikasining Lyaonin pedagogika universiteti rektori Luo Venbo boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madraximova va Lyaonin pedagogika universiteti rektori Luo Venbo o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va istiqboldagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda universitetda Konfutsiy institutini tashkil etish, xitoy tilini o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish, madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirish hamda xalqaro ta’lim hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Xitoy tilini xalqaro o‘qitish jamg‘armasi, Lyaonin pedagogika universiteti hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti o‘rtasida Konfutsiy institutini hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi.

Hujjatni Xitoy tilini xalqaro o‘qitish jamg‘armasi vakili Yan Vey, Lyaonin pedagogika universiteti rektori Luo Venbo hamda Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madraximova imzoladi.

Mazkur kelishuv talabalar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini yaratish, universitetning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Hamkorlik mateariali