Qayd etilishicha, piyodalar yo‘laklari, yo‘l o‘tish joylari yaqini, bekatlar, yashil hududlar hamda to‘xtash yoki to‘xtab turish taqiqlangan joylarda avtomobil qoldirish holatlari muntazam kuzatilmoqda. Bu esa piyodalar, jamoat transporti, maxsus texnikalar va boshqa harakat ishtirokchilari uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda.
Ayniqsa, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar va bolalar aravachalaridagi ota-onalar uchun bunday holatlar qiyinchilik keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan, Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi.
Mas’ullar ushbu choralaridan ko‘zlangan asosiy maqsad ko‘chalarda tartib o‘rnatish, harakat xavfsizligini ta’minlash va jamoat joylaridan barcha aholi uchun xavfsiz hamda qulay foydalanish imkoniyatini yaratish ekanini bildirgan.
Haydovchilarga avtomobillarni taqiqlangan joylarda, piyodalar yoki jamoat transporti harakatiga xalakit beradigan hududlarda qoldirmaslik hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha ogohlantirish berildi.