Bu haqda portal axborot xizmati maʼlum qildi.

Yangi xizmatga koʻra, agar avtomobil ishonchnoma yoki yaqin qarindoshlik asosida boshqa shaxs tomonidan boshqarilayotgan boʻlsa va u yoʻl harakati qoidalarini buzsa, jarima transport vositasi egasiga emas, balki qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchining nomiga rasmiylashtiriladi.

Buning uchun avtomobil egasi my.gov.uz portalidagi “Sinov tartibida” boʻlimi orqali ariza yuborishi kerak. Arizada transport vositasining davlat raqami, boshqarish muddati hamda haydovchining JShShIR va pasport maʼlumotlari koʻrsatiladi. Agar bosh ishonchnoma mavjud boʻlsa, u ham arizaga ilova qilinadi.

Shundan soʻng haydovchi portalidagi «Xabarnomalar» boʻlimi orqali arizani elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID yordamida tasdiqlashi lozim.

Mazkur xizmat pulli boʻlib, uning qiymati BHMning 0,9 foizini tashkil etadi. 10 foizlik chegirma hisobga olingan holda xizmat narxi 37 080 soʻm etib belgilangan. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun esa 50 foizlik chegirma amal qiladi.

Arizalar jismoniy shaxslar uchun avtomatik tarzda koʻrib chiqiladi (bosh ishonchnoma mavjud boʻlsa — 5 kun ichida), yuridik shaxslar uchun esa 5 ish kuni ichida koʻrib chiqilishi belgilangan.

Shuningdek, yangi tartibga muvofiq, davlat organlari hamda yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar xodimlari uchun jarimani rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi.