Joriy yil 14-may kuni Toshkent shahrida Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspert, ilmiy, davlat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha toʻrtinchi forumi boʻlib oʻtadi. Ushbu anjuman Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash uchun butun mamlakatimizda tayyorgarlik koʻrilayotgan qizgʻin davrga toʻgʻri kelganida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor.
Avvalo,
mustaqillik tufayli Oʻzbekiston barcha davlat bilan teng huquqli va oʻzaro
manfaatli hamkorlik qilish layoqatiga ega boʻldi. Shuningdek, yangi tahrirdagi
Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilganidek, “Insonning huquq va
erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir”.
Oʻzbekiston
ana shu konstitutsiyaviy normani roʻyobga chiqarish yoʻlida turli nufuzli
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini
yoʻlga qoʻygan. Xitoy Xalq Respublikasi va mintaqamiz mamlakatlari bilan
hamjihatlikda oʻtkazib kelinayotgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini
rivojlantirish boʻyicha anʼanaviy forumi bunga yaqqol amaliy misoldir.
Bu galgi
forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi
taraqqiyotni birgalikda ilgari surish” mavzusiga bagʻishlanadi. Ayni mavzuda
batafsil fikr yuritishdan oldin Oʻzbekiston bilan Xitoy va mintaqamiz
mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari holati haqida muxtasar toʻxtalish
oʻrinli deb oʻylayman.
Oʻzbekiston — Xitoy: inson huquqlari sohasida hamkorlik
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugun dunyo nafaqat
turli tahdid va xatarlar, balki ulkan imkoniyatlarni ham oʻzida mujassam etgan
global oʻzgarishlar davriga qadam qoʻydi. Bu olamshumul yangilanishlar pallasi
aynan Oʻzbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi davr boshlangan tarixiy qulay
sharoitga toʻgʻri kelgani alohida diqqatni tortadi.
Gap shundaki, 2025-yil 30-avgust – 3-sentyabr kunlari
Prezidentimiz rasmiy tashrif bilan Xitoyda boʻldi. Davlatimiz rahbari ushbu
tashrifi doirasida, birinchidan, 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Tyanszin
shahrida oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi
yigʻilishida ishtirok etdi. Ikkinchidan, 2-sentyabr kuni Pekinda XXR
Raisi Si Szinpin bilan yuzma-yuz uchrashib, strategik sheriklikni chuqurlashtirish
masalalarini muhokama qildi. Uchinchidan, 3-sentyabr kuni Ikkinchi jahon
urushidagi gʻalabaning 80 yilligiga bagʻishlangan tantanalarda qatnashdi.
Oʻz navbatida, Prezidentimizning 2024-yil yanvar oyida
Xitoyga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha har ikki davlat rahbarlari
tashabbusi bilan mamlakatlarimizning oʻzaro munosabatlari yangi davrda barcha
sharoitda har tomonlama strategik sheriklikka koʻtarilishi uchun ulkan shijoat
baxsh etildi. Davlatimiz rahbarining Pekin va Shenchjen shaharlaridagi muzokaralari
yakunida 2023-2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi qabul qilindi va 25
milliard dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi.
Hozir Oʻzbekiston bilan Xitoy buyuk sivilizatsiyaning qadimiy
oʻlkalari sifatida ikki tomonlama hamkorlikning tarixiy yuksalish pallasida
turibdi. Bunda, bir tomondan, Xitoy oʻzining modernizatsiyalashtirish uslubini
tobora jadallashtirayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimiz “Oʻzbekiston — 2030”
strategiyasini barcha sohaga izchil tatbiq qilayotgani muhim ahamiyat kasb
etmoqda.
Xalqaro hamkorligimiz samarasiga bir misol: BMT Bosh
Assambleyasining 78-sessiyasida Oʻzbekiston va Xitoy tomonidan Xalqaro
sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kunini belgilash boʻyicha taklif qilingan
rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullandi. Binobarin, 10-iyun — Xalqaro
sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni deb eʼlon qilindi.
Ushbu rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin kutib
olindi va keng qoʻllab-quvvatlandi. Zero, Oʻzbekiston Xitoyning Global
sivilizatsiya tashabbusini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi. Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston
Xitoyning taklifiga binoan “Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni”
rezolyutsiyasini ishlab chiqishda asosiy guruh aʼzosi sifatida faol ishtirok
etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga salmoqli hissa qoʻshdi.
Oʻzbekiston yagona Xitoy prinsipini maʼqullaydi. Biz
birgalikda uch yovuz kuch — terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qatʼiy
kurashmoqdamiz. Mamlakatlarimiz sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish
borasida ham jahon ahliga munosib namuna boʻlmoqda.
Tinchlik va totuvlikni mustahkamlash yoʻlida
Markaziy Osiyo mintaqasidagi qoʻshni va qardosh mamlakatlar
bilan hamkorligimiz ham izchil rivojlanmoqda. Binobarin, yangi tahrirdagi
Konstitutsiyamiz muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan
prinsip va normalariga asoslangan holda, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng
avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro
qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga
intilib”, Konstitutsiyani qabul qilgani alohida eʼtirof etilgani bejiz emas.
Bugun mintaqamiz xalqlari va davlatlarini umumiy
saʼy-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va
yuksak taraqqiy etgan mintaqaga, oʻzaro ishonch va doʻstlik, yaxshi
qoʻshnichilik va manfaatli hamkorlik makoniga aylantirishdek yagona maqsad
birlashtirmoqda. Prezidentimiz eʼtirof etganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va
gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham Oʻzbekiston tashqi
siyosatining ustuvor maqsadi boʻlib qolaveradi”.
Endi “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini
rivojlantirish boʻyicha forumi mavzusiga qaytamiz. Ushbu forum joriy yilda
toʻrtinchi marta oʻtkazilmoqda. Bu, bir tomondan, forumning allaqachon
anʼanaviy ahamiyat kasb etganini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, Xitoy va
Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun bunday hamkorlik formati zarurligini
amalda tasdiqlaydi.
Forumning muxtasar tarixiga nazar solaylik. Xususan, Birinchi
“Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi 2023-yil
12-sentyabrda Pekin shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilib, mamlakatlarimiz
oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergandi.
Ikkinchi forum 2024-yilda qoʻshni Qozogʻistonning
Ostona shahrida boʻlib oʻtdi. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida
mushtarak taqdirlar hamjamiyatini barpo etish, inson huquqlari rivojlanishi va
taraqqiyoti mavzusiga bagʻishlangan forumda mamlakatimiz delegatsiyasi
muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Uchinchi forum 2025-yilda Xitoyning Sian shahrida
boʻlib oʻtdi. Forum inson huquqlarini birgalikda rivojlantirish yoʻlida
sivilizatsiyalararo almashinuv va oʻzaro boyitishni chuqurlashtirish mavzusiga
bagʻishlandi.
Boʻlajak toʻrtinchi forumga Toshkent
mezbonlik qilmoqda. Forumning tashkilotchilari mehmonlar
tomondan — Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamgʻarmasi, mezbon
tomondan — Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi.
Shu oʻrinda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish
jamgʻarmasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy
markazining yaqin hamkorlaridan ekanini taʼkidlash lozim. 1994-yilda tashkil
etilgan ushbu tuzilma Xitoyning Pekin shahrida joylashgan jamoat tashkilotidir.
Jamgʻarma faoliyati Xitoyning milliy oʻziga xosligini inobatga olgan holda
inson huquqlari konsepsiyasini ilgari surish va rivojlantirish, shuningdek,
ushbu mavzu yuzasidan xalqaro muloqotni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
Binobarin, har bir insonning oʻz huquqlaridan toʻliq
foydalanish imkoniyatini taʼminlash butun insoniyatning umumiy maqsadidir.
Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida
taraqqiyotga birgalikda koʻmaklashish va inson huquqlarini ilgari surish
masalalarida keng mushtarak qarashlarga ega.
Bu haqda fikr yuritganda, Xitoy va Markaziy Osiyo
mamlakatlari oʻrtasida inson huquqlari sohasida samarali hamkorlik aloqalari
izchil rivojlanayotganini taʼkidlash lozim. Tabiiyki, bunda tashkil topganiga
77 yil boʻlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining shu tarixan qisqa davrda oʻz
taraqqiyotida misli koʻrilmagan darajada ulkan yutuqlarga erishgani Oʻzbekiston
va mintaqamizdagi qoʻshni davlatlar uchun gʻoyat muhim.
Barqarorlik, taraqqiyot, yuksalish va yorugʻ kelajak sari
Xitoy keyingi yillarda qashshoq va qoloq mamlakatdan jahon
iqtisodiy oʻsishini taʼminlaydigan beqiyos kuch-qudrat manbaiga aylandi. Bunda
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoʻlida qoʻlga kiritgan olamshumul
natijalari katta ahamiyat kasb etdi va bugun ayni samarador omillar butun
dunyoning diqqat-eʼtiborini oʻziga jalb etmoqda.
Ushbu davlat dunyodagi beqarorliklarning oldini olishga
qaratilgan koʻplab global tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Barqarorlikka
oid bu gʻoyalar mamlakatda asriy islohotlar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgani
bilan ahamiyatlidir.
Xitoy hukumati milliy modernizatsiyani hayotga tatbiq etish
jarayonida asosiy eʼtiborni xalq farovonligini taʼminlashga qaratmoqda. Yaʼni
islohot va taraqqiyot, avvalo, har bir xitoylikning munosib yashashiga xizmat
qilsin degan yondashuvga tayanilmoqda. Xuddi shu konsepsiya Xitoyda
kambagʻallikka barham berishda hal qiluvchi oʻrin tutgani eʼtiborga sazovor.
Natijada Xitoy xalqi 40 yil ichida qashshoqlik va yoʻqchilik
domidan qutulib, endi munosib va barqaror turmush sharoitida hayot kechirmoqda.
BMT maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan davrda 700 milliondan ortiq xitoylik
kambagʻallik holatidan chiqishga muvaffaq boʻlgan.
Innovatsiyalarga tayanadigan davlat sifatida Xitoy iqtisodiy
taraqqiyot surʼatini muntazam oshirib bormoqda. Mamlakat hatto “yashil iqtisodiyot”ni
rivojlantirish sohasida ham muayyan natijalarga erishgani tufayli allaqachon
ekologik toza mahsulotlarning jahondagi yirik bozoriga aylanib ulgurdi.
Boshqacha aytganda, yangi Xitoyning 77 yillik rivojlanish
yoʻli barqarorlik, taraqqiyot, yuksalish va yorugʻ kelajakka qatʼiy
ishonchning yorqin namunasidir. Taraqqiyotning xitoycha modeli sotsializm va
bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini oʻzida omuxtalashtirgan boʻlib, oʻz
navbatida, bunday noyob usul Xitoyning iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat
maqomini egallashini taʼminlamoqda.
Xitoy erishgan ulugʻvor yutuqlar haqida soʻz borganda, faqat
iqtisodiy samaralar tafsiloti bilan cheklanmay, ijtimoiy siyosat,
infratuzilmalar va texnologiyalar sohalarida qoʻlga kiritilgan
yangidan-yangi marralar xususida ham fikr yuritish lozim deb oʻylaymiz.
Bu oʻrinda, ayniqsa, Xitoy aholisining nihoyatda koʻpligi va
global muammolarning halokatli taʼsiriga qaramay, milliy iqtisodiyotni jadal
rivojlantirish va barqarorlikni saqlab turishdek ikkita noyob muvaffaqiyatga
erishilgani har qancha tahsinga loyiq. Bugun Xitoy jahon iqtisodiyotining
yuragidir. Sayyoramiz hayotining pandemiyadan keyingi ogʻir va murakkab
sharoitlarida ham mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani buni amalda
tasdiqlab berdi.
Hozir esa oʻz iqtisodiyotining barqarorligi xususiyati bilan
jahon iqtisodiyotining rivojlanishi uchun munosib hissa qoʻshmoqda. Binobarin,
bir tomondan, mamlakat jahon bozoriga tobora koʻplab tovarlar yetkazib
berayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, tashqi bozorlardan ham koʻpdan koʻp
mahsulotlarni muntazam xarid qilmoqda.
Shu omillarning oʻzi ham yangi Oʻzbekistonning yangi Xitoy
bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishi gʻoyat manfaatli ekanidan
dalolat beradi, nazarimizda. Yurtlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida necha ming
yillik tarixiy hamkorlik aloqalari mavjudligi esa, albatta, alohida mavzu.
Shuningdek, Xitoy tomoni 2025-yilda Samarqandda ikkinchi
Oʻzbekiston — Xitoy hududlararo forumi oʻtkazilishini toʻliq
qoʻllab-quvvatladi. Samarqand forumida Xitoy va mintaqa davlatlaridan vakillar
ham ishtirok etgani bizga mamnuniyat bagʻishladi.
Xitoyliklarda bunday maqol bor: “Mehnat-mashaqqat chekmasang,
tuproq ichidan oltinni ajratib olishing mushkul”. Oʻzbek xalqining mana bu
maqollari shu mantiqqa oʻta uygʻun, yaʼni “Toqqa chiqmasang, doʻlana qayda?”
yoki “Tekinga osmondan chalpak yogʻmaydi”.
Mintaqa davlatlari oʻrtasida inson huquqlari boʻyicha hamkorlik
Bugun Markaziy Osiyo tarixning chetida emas, u oʻz strategik
kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda.
Siyosiy iroda, yuqori darajadagi oʻzaro ishonch va qoʻshma iqtisodiy
tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Mintaqa xalqlarini ming yillik
qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik, quda-andachilik rishtalari bogʻlab turadi.
Xalqlarimiz hamisha bir-biriga yelkadosh va hamjihat boʻlib yashab kelgan.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bizni yagona tarix, yagona din, umumiy
madaniyat va anʼanalar birlashtiradi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo
davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Bugun ushbu uchrashuvlar mintaqada oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin
qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni
mustahkamlash, muhim hayotiy masalalarni hal qilish va koʻp qirrali
hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan toʻldirish borasida samarali
platformaga aylandi.
Mintaqamiz davlatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarning
faollashishi natijasida xalqlarimiz yanada yaqinlashmoqda. Mintaqa doirasidagi
siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda.
Markaziy Osiyo yetakchilari tomonidan, jumladan, qonun
ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ragʻbatlantirish hamda
himoya qilish barcha uchun birdek muhim fundamental qadriyat ekani muntazam
taʼkidlab kelinmoqda. Bu oʻrinda, albatta, fikrni ifoda etish erkinligi va
jamoat birlashmalariga uyushish huquqini taʼminlash, fuqarolik jamiyati va
mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun sogʻlom muhit yaratish, huquq
himoyachilarini muhofaza qilish, ayollar, bolalar va mehnat migrantlari
huquqlarini hurmat qilish oʻzaro hamkorlik munosabatlarimizning tub negizini
tashkil qilishi haqida soʻz bormoqda.
Eng asosiysi, xalqaro siyosiy lugʻatda mintaqaviy
taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiluvchi oʻziga xos modelni aks ettiradigan
“Markaziy Osiyo ruhi” atamasi paydo boʻldi. Bugun biz global va mintaqaviy
siyosat kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalar boʻyicha yagona pozitsiyada
turib harakat qilmoqdamiz.
Natijada qisqa muddatda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch
va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida 10 dan ortiq
hamkorlik muloqoti yoʻlga qoʻyilgani buni tasdiqlaydi.
Mintaqa mamlakatlarining inson huquqlari sohasida oʻzaro
hamkorlik borasidagi tajribasi ham eʼtiborga loyiq. Avvalo, Markaziy Osiyo
mamlakatlari Konstitutsiyasida “Davlat inson huquqlarini hurmat qiladi va
taʼminlaydi” degan tamoyil aniq-tiniq belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Qozogʻistonda 2023-yilda mamlakat Prezidenti
tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi uchinchi
harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Qirgʻiziston hukumati 2022-2024-yillar
uchun Inson huquqlari boʻyicha harakatlar rejasini qabul qildi va amalga oshirdi.
Tojikiston hukumati 2023-yilda Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyani
qabul qildi. Turkmaniston Prezidenti tomonidan 2021-2025-yillarga moʻljallangan
Inson huquqlari boʻyicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy
strategiyasi 2020-yilda qabul qilingan bu sohadagi ilk hujjatdir. Joriy yilda
davlat dasturi doirasida bu boradagi ikkinchi dasturiy hujjat — “Inson
huquqlari — 2030” strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Bugungi mintaqaviy hamkorligimiz darajasi, shubhasiz,
Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti maqomida
oʻzini namoyon etishga dadil kirishganini amalda isbotlaydi. Binobarin, XXI
asrning uchinchi oʻn yilligida Markaziy Osiyo xalqaro hayotning mustaqil subyekti
sifatida qayta tiklanishi oʻzida muhim jarayonlarni ham ifodalovchi, ham aks
ettiruvchi olamshumul voqeadir.
Poytaxtimizda oʻtkaziladigan forum
doirasidagi muzokaralar ishtirokchilardan katta kuch-gʻayrat, faollik va
tashabbuskorlikni talab etadi. Chunki mavzu doirasidagi masalalar koʻlami keng
va gʻoyat masʼuliyatlidir. Forumda, jumladan, Xitoy va Markaziy Osiyo
davlatlarining inson huquqlari sohasidagi hamkorligining asosiy ustuvor
yoʻnalishlari koʻrib chiqiladi. Rivojlanish huquqini roʻyobga chiqarish
maqsadida kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini yaxshilash
boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, “yashil”
rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari rivojiga
koʻmaklashuvchi raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi
sohalardagi hamkorlik istiqbollari keng muhokama qilinadi.
Yanada muhimi,
“Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumining “Toshkent
tashabbusi” deb nomlangan yakuniy hujjati qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu
hujjatda oʻz aksini topadigan tashabbuslar Xitoy va mintaqamiz davlatlarining
inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarishi
shubhasiz.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari
boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi
direktori, akademik