Hukumat qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka asosida olinadigan uy-joyning dastlabki badalining 25 foizini qoplab berish tartibi belgilangan.

Unga koʻra, nomzodlar birlamchi uy-joy bozoridan uy yoki kvartira sotib olish uchun ipoteka krediti olish maqsadida ariza topshiradi. Har chorak yakunida belgilangan talablarga javob beradigan arizalar alohida reyestrga kiritiladi va ular orasidan gʻoliblar avtomatik tasodifiy tanlov asosida aniqlanadi.

2026-yilning uchinchi choragi yakuniga koʻra, ushbu dastur boʻyicha jami 4728 ta ariza kelib tushgan. Shundan 1657 tasi belgilangan talablarga mos deb topilib, tanlovga kiritilgan.

Endi 125 nafar gʻolib aynan shu 1657 nafar arizachi orasidan tanlab olinadi.

Ilk tanlov 9-oktyabr kuni soat 10:00 da oʻtkaziladi.

Tanlov uchinchi chorak yakuni boʻyicha tanlovga qoʻyilgan arizalar orasidan gʻoliblarni aniqlaydi.

Jarayon www.ins-subsidiya.imv.uz sayti orqali oʻtkaziladi. Tanlov Sogʻliqni saqlash vazirligining Facebook, Instagram va Telegram tarmoqlaridagi rasmiy sahifalarida ham jonli efirda namoyish etiladi.

Tanlov natijalari ariza ID raqamlari kesimida eʼlon qilinadi. Ariza holatini my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinet orqali ham kuzatish mumkin.