Mamlakatimizda keyingi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. Xususan, oʻtgan yili qariyb 30 trillion soʻmlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion soʻmdan ortiq tushum taʼminlandi. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham izchil oshib, 6 trillion soʻmlik natijaga erishildi.
Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion soʻm, mahallalarda esa 7 milliard soʻm mablagʻ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion soʻm dividend toʻladi. Umuman, soʻnggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaydi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Eng avvalo, xususiylashtirish jarayonlarida ish oʻrinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi boʻyicha talablarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻtgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi.
Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida zamonaviy raqamli vositalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi. Moliyaviy holati ogʻirlashgan 451 ta korxona 2024-yilda 14 trillion soʻm, oʻtgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion soʻm zarar koʻrgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Xususiylashtirishda tahliliy yondashuv yetarlicha qoʻllanilmayotgani qayd etildi. Bundan buyon mazkur jarayon tarmoq yondashuvi asosida tashkil etilib, har bir soha alohida tahlil qilinishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanishi, raqobat muhiti oʻrganilishi hamda takliflar shu asosda ishlab chiqilishi belgilandi.
Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, boʻsh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish boʻyicha mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat koʻchmas mulki obyektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga oʻtkazish, bir xodimga toʻgʻri keladigan oʻrtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi. Bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, boʻsh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.
Yigʻilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga toʻliq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2022-2025-yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani taʼkidlandi.
Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun “E-auksion”, “Yerelektron”, Oʻzbekkosmos agentligi, “Shaffof qurilish” va “UzKAD” kabi axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.
Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endilikda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.
Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sunʼiy intellekt elementlari joriy qilinadi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.