Ushbu yangi bosqichning mazmun-mohiyati inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dastur orqali amalga oshirilishini maʼlum qildi.

Bu gʻoyani oddiy strategik shior emas, balki jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, texnologik va maʼnaviy taraqqiyotini yagona mantiqqa birlashtiruvchi konseptual yondashuv sifatida tushunish muhim.

Bundan oʻn yil avval Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida asosiy eʼtibor, avvalo, mavjud taʼlim dasturlari asosida mutaxassis tayyorlash, nazariy bilim berish va anʼanaviy oʻqitish usullarini takomillashtirishga qaratilgan edi. Bugun esa bu tizimda tub sifat oʻzgarishlari yaqqol koʻzga tashlanmoqda: oliy taʼlim muassasasi endilikda faqat diplom beruvchi maskan emas, balki ilm-fan, innovatsiya, zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarishni birlashtiruvchi muhim intellektual markazga aylanmoqda. Taʼlimning ishlab chiqarish bilan integratsiyasi, dual taʼlim, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, startap­lar, xalqaro hamkorlik va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga eʼtiborning kuchayishi soʻnggi yillardagi barqaror oʻzgarishlarning amaliy ifodasidir. Bu jarayon oliy taʼlim oldiga nafaqat bilimli, balki zamonaviy texnologiyalarni yaratish va qoʻllashga qodir, tashabbuskor hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdek yangi vazifani qoʻymoqda.

Fargʻona davlat texnika universiteti kabi texnik, muhandislik, iqtisodiy va innovatsion salohiyatni birlashtirgan oliy taʼlim muassasasi uchun mazkur vazifalar, ayniqsa, muhim. Chunki yangi taraqqiyot davrida universitet ilm-fan, texnologiya, ishlab chiqarish, biznes va jamiyat oʻrtasidagi intellektual markazga aylanishi lozim.

Asosiy kapital

Birinchi milliy dasturning bosh gʻoyasi — bilim va malakani mamlakat taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirish. Mazkur yondashuvning mazmun-mohiyati shundaki, zamonaviy iqtisodiyotda asosiy resurs endi xomashyo emas, intellektual salohiyatdir.

Universitetimizda bu yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirish uchun taʼlim mazmunini ishlab chiqarish ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirish, dual taʼlimni kengaytirish, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, robototexnika, Smart City, 3D modellashtirish va zamonaviy muhandislik sohalari boʻyicha kompetensiyalarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada aniq maqsadli amaliy ishlar boshlangan. Jumladan, “Oliygoh kubogi” tanlovida sunʼiy intellekt, dronlar, kiberxavfsizlik, 3D modellashtirish, qish­loq xoʻjaligi texnikasi va muhandislik konstruksiyalari boʻyicha 352 talaba ishtirok etdi. Ularning 60 nafari gʻolib boʻldi. 4 ta startap loyiha ­moliyalashtirishga tavsiya etildi. Bunday raqamlar yoshlarda innovatsion fikrlashni shakllantirish boʻyicha taʼlimdan amaliy natijaga oʻtish jarayonini koʻrsatadi.

Shuningdek, universitetda tashkil etilgan startap markazi talabalar va professor-oʻqituvchilar gʻoyalarini amaliy mahsulotga aylantirish, akseleratsiya, biznes modellashtirish, sunʼiy intellekt, robototexnika va AT koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Nazarimizda, birinchi milliy dasturning universitet miqyosidagi eng muhim natijasi bunday boʻlishi kerak: talaba bitirganda faqat nazariy bilimga emas, balki bozor talab qilayotgan aniq texnologiya, dastur, loyiha yoki ishlab chiqarish kompetensiyasiga ega boʻlishi zarur.

Sogʻliq — muhim boylik

Ikkinchi milliy dastur aholining sogʻlom va uzoq umr koʻrishini taʼminlashga qaratilgan. Prezidentimiz nutqida ­profilaktikaga asoslangan tibbiyot modeliga oʻtish, davlat tibbiy sugʻurtasini keng joriy etish va Oʻzbekistonni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika hamda biotexnologiyalar markazlaridan biriga aylantirish vazifalari belgilandi.

Dasturni oliy taʼlim tizimidan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Chunki aholi salomatligining katta qismi insonning turmush tarzi, mehnat sharoiti, ekologik muhit va profilaktik madaniyatga bogʻliq. Texnika universiteti nuqtayi nazaridan, bu vazifa ishlab chiqarishda mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligini ilmiy asosda tashkil etish, ekologik muhandislik, toza ishlab chiqarish texnologiyalari va resurs tejamkor tizimlarni keng joriy etish, talabalar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish kabi yoʻnalishlarda namoyon boʻladi.

Universitetda sport infratuzilmasini rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar, talaba yoshlarni sportga keng jalb qilish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish vazifalari belgilandi. Demak, inson salomatligi masalasi universitet uchun faqat tibbiy xizmat emas, balki xavfsiz kampus, ekologik toza muhit, sogʻlom mehnat, sport, psixologik barqarorlik va profilaktik madaniyatni birlashtirgan kompleks boshqaruv tizimidir.

Yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi

Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga oʻtkazishga qaratilgan. U texnik universitetlarning iqtisodiyotdagi rolini tubdan oʻzgartiradi. Yaʼni endi universitet ishlab chiqarishga tayyor kadr yetkazib beruvchi muassasa boʻlib qolmaydi. Texnologiya yaratuvchi va uni tijoratlashtiruvchi ­subyektga aylanadi.

Universitetimizda bu yoʻnalishda aniq institutsional asoslar shakllanmoqda. Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda talabalar uchun grantlar, dual taʼlim, ishlab chiqarish amaliyoti, bandlik va ishlab chiqarishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha qoʻshma loyihalar rejalashtirilgan. Xitoyning “Speed-Fit Technology” kompaniyasi bilan qishloq xoʻjaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan aeroinjiniring texnoparkini shakllantirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish bilan bogʻlash va dual taʼlimni kengaytirish ­masalalari muhokama qilindi.

Universitet delegatsiyasining Shandun muzofotiga tashrifi yakunlariga koʻra, Fargʻonada qishloq xoʻjaligiga yuqori texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan texnopark tashkil etish boʻyicha texnologik hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bunday misollarning umumiy mantigʻi bitta: universitet — ishlab chiqarish — innovatsiya — investitsiya zanjiri shakllanmoqda.

Kelgusi bosqichda har bir kafedra kamida bitta sanoat korxonasining texnologik yoki boshqaruv muammosini ilmiy loyihaga aylantirishi maqsadga muvofiq. Masalan, energetika kafedralari energiya yoʻqotishlarini kamaytirish, mashinasozlik yoʻnalishlari avtomatlashtirish, iqtisodiyot va menejment kafedralari esa xarajatlarni prognozlash, resurslarni optimal taqsimlash va raqamli boshqaruv modellarini ishlab chiqishi mumkin. Shunda ilmiy maqola va dissertatsiya ishlab chiqarishdan uzilgan akademik mahsulot emas, balki muayyan iqtisodiy qiymat yaratadigan innovatsion yechimga aylanadi.

Suv va tabiatga gʻamxoʻrlik

Toʻrtinchi milliy dastur suv va ­tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga ­qaratilgan. Prezidentimiz nutqida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini kengaytirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, shahar va tuman markazlarida yashillik darajasini oshirish maqsadlari belgilandi.

Fargʻona vodiysi sharoitida suv va ekologik xavfsizlik masalasi, ayniqsa, muhim. Aholi zichligi, sanoat konsentratsiyasi, yer va suv resurslariga yuqori bosim ekologik muammolarni ilmiy yondashuv asosida hal qilishni talab etadi. Universitet bu yerda suv sarfini raqamli datchiklar orqali nazorat qilish, aqlli sugʻorish tizimlari, chiqindilarni qayta ishlash, sanoat suvlarini tozalash va qayta aylanma ishlatish, energiya tejamkor binolar, “yashil” logis­tika, ekologik monitoring kabi sohalarda amaliy texnologik yechimlarni taklif qilishi mumkin.

Turkiyaning “Farmicca” kompaniyasi bilan oʻtkazilgan muzokaralarda gidroponika asosida koʻp qavatli vertikal ferma texnologiyalarini Fargʻona viloyatida joriy etish masalasi muhokama qilingani shunday yondashuvga amaliy misoldir. Bunday texnologiyalar suv sarfini kamaytirish, yuqori hosildorlikka erishish va cheklangan maydonda samarali ishlab chiqarish imkonini beradi. Shu bois, “yashil” texnologiyalar universitet ilmiy siyosatining alohida yoʻnalishi emas, balki barcha muhandislik va iqtisodiy dasturlarga kirib borishi kerak.

Qonun ustuvorligi mustahkam poydevor

Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgan. Prezidentimiz huquqiy tarbiyani tizimli tashkil etish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik, odam savdosi, yashirin iqtisodiyot va inson huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni kuchaytirish vazifalarini belgiladi.

Qonun ustuvorligi taʼlim muassasasida, avvalo, boshqaruvning shaffofligi, akademik halollik va masʼuliyat bilan namoyon boʻladi. Universitet muhitida korrupsiyaga murosasizlik, plagiatning oldini olish, intellektual mulk huquqini himoyalash, adolatli baholash tizimi, teng imkoniyatlar va ochiq tanlov mexanizmlari huquqiy mada­niyatning amaldagi koʻrinishidir.

Mahalla — rivojlanish ehtiyojlarini belgilaydigan ijtimoiy institut

Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishni nazarda tutadi. Prezidentimiz nutqida tuman byudjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalari mahallaning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirilishi taʼkidlangan.

Bunday yondashuv ilm-fan uchun ham yangi vazifani qoʻyadi. Universitet tadqiqot mavzularini faqat nazariy qiziqishdan emas, balki hudud va aholi muammolaridan kelib chiqib belgilashi zarur. Masalan, muayyan mahallada ichimlik suv, energiya taʼminoti, chiqindi, transport, bandlik yoki kichik biznes masalasi mavjud boʻlsa, universitetning tegishli kafedrasi bu muammoni ilmiy-amaliy loyihaga aylantirishi mumkin.

Muhandislar texnik yechim taklif qiladi, iqtisodchilar xarajat-samaradorlik hisobini amalga oshiradi, menejerlar bosh­qaruv modeli yaratadi, AT mutaxassislar raqamli platforma yoki monitoring tizimini ishlab chiqadi. Shunday yondashuv orqali universitet va jamiyat oʻrtasidagi masofa qisqaradi. Kelgusida Fargʻona davlat texnika universitetida “mahalladan — ilmiy yechimga” tamoyili asosida hududiy muammolar bankini shakllantirish maqsadga muvofiq. Har bir fakultet ushbu bazadan muammolarni tanlab, talabalar bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyalari va ilmiy loyihalarni amaliy ehtiyojlar bilan bogʻlashi mumkin.

Tinchlik, doʻstlik va xalqaro hamkorlik

Yettinchi milliy dastur Oʻzbekistonning tinchlik, doʻstlik va bagʻrikenglik makoni sifatidagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan. Oliy taʼlim bu vazifaning eng tabiiy maydonlaridan biridir. Akademik mobillik, xalqaro ilmiy loyihalar, qoʻshma taʼlim dasturlari va talabalar almashinuvi nafaqat bilim, balki madaniyatlar oʻrtasidagi ishonch va muloqotni ham kuchaytiradi.

Fargʻona davlat texnika universitetida bu yoʻnalishda soʻnggi davrda faol ishlar qilinmoqda. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining III forumi doirasida Fargʻona davlat texnika universiteti, Toʻxtomamatov nomidagi xalqaro universitet va Oʻsh texnologiya universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim, akademik almashinuv va ilmiy loyihalarni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi. Koreya Res­publikasining SeoulTech universiteti bilan sunʼiy intellekt, Smart City, robototexnika va kiberxavfsizlik sohalarida qoʻshma loyihalar, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar stajirovkasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Bu kabi aloqalarni faqat xalqaro reyting yoki statistik koʻrsatkich sifatida baholash toʻgʻri emas. Ularning asosiy qiymati yangi ilmiy maktablar, texnologiyalar, professional aloqalar va talabalar uchun global imkoniyatlar yaratilishidadir.

Prezidentimiz belgilagan yettita milliy dastur mazmunini tahlil qilar ekanmiz, ularning barchasini birlashtirib turuvchi bosh gʻoya inson qadrini bilim, salomatlik, texnologiya, ekologik ­masʼuliyat, adolat, mahalliy tashabbus va tinchlik orqali taʼminlash ekani namoyon boʻladi. Bu nuqtayi nazardan, zamonaviy universitetning missiyasi ham oʻzgarmoqda.

Fargʻona davlat texnika universiteti bu borada oʻziga xos afzallikka ega. Universitetda texnika, energetika, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, menejment, qurilish va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarining bir muhitda birlashgani katta imkoniyat yaratadi. Masalan, “aqlli korxona” loyihasida muhandis avtomatlashtirish tizimini yaratadi, AT mutaxassis algoritm yozadi, iqtisodchi uning iqtisodiy samaradorligini hisoblaydi, menejer esa ishlab chiqarishga joriy etish modelini ishlab chiqadi. Bunday fanlararo yondashuv milliy yuksalish davri talab qilayotgan yangi avlod universitetining asosiy belgisi hisoblanadi.

Universitetimizda energetika sohasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda dual taʼlimni rivoj­lantirish ishlari olib borilmoqda. Unda 3-, 4-bosqich talabalarining nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarni tarmoq ehtiyojlariga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Model boshqa tarmoqlarga ham tatbiq etilishi mumkin.

Har bir fakultet uchun yirik sanoat korxonasi strategik sherik sifatida belgilansa, talabalar amaliyotidan tortib, ilmiy tadqiqot va startaplargacha boʻlgan jarayon yagona tizimga aylanadi. Ishlab chiqarish korxonasi muammoni beradi, universitet ilmiy yechim ishlab chiqadi, talaba loyiha jarayonida kasbiy koʻnikma oladi, korxona esa innovatsion mahsulot yoki texnologiyaga ega boʻladi.

Yettita milliy dasturni amalga oshirish jarayonida oliy taʼlim muassasalari, ayniqsa, texnika universitetlari alohida oʻrin tutadi. Chunki dasturlarda belgilangan deyarli har bir vazifaning yechimi bilim, ilm-fan, texnologiya va yuqori malakali ­kadrlarga bogʻliq.

Fargʻona davlat texnika universiteti muhandislik, texnologik, iqtisodiy va innovatsion salohiyati bilan ushbu jarayonda faol ishtirok etishi uchun zarur institutsional imkoniyatlarga ega. Universitetda startap markazlari, sanoat bilan dual taʼlim, sunʼiy intellekt loyihalari, xorijiy universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlik, texnopark tashabbuslari va yoshlarni innovatsiyaga jalb qilish boʻyicha amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda.

Milliy yuksalish davrida universitetning asosiy mezoni uni qancha mutaxassis bitirgani emas, balki qancha ilmiy yechim yaratgani, nechta texnologiyani ishlab chiqarishga olib kirgani, necha nafar yoshni zamonaviy kasbga tayyorlagani va hudud taraq­qiyotiga qanday amaliy qiymat qoʻshgani bilan belgilanishi lozim. Shunday yondashuvdagina taʼlim taraqqiyotga, ilm texnologiyaga, gʻoya mahsulotga, yoshlar salo­hiyati esa mamlakatning real iqtisodiy va intellektual qudratiga aylanadi. Milliy yuksalishning asl mazmuni ham ana shunda: insonning bilimi, mehnati, isteʼdodi va tashabbusi davlat taraqqiyotining eng katta boyligiga aylanishidadir.

Rustam TOJIYEV,

Fargʻona davlat texnika universiteti rektori,

professor