Mamlakatimizda milliy oʻzlikni anglash, boy tarixiy-maʼnaviy merosimizni chuqur oʻrganish, ulugʻ allomalarimiz ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ayni shu yoʻnalishda milliy va xalqaro ahamiyatga ega zamonaviy madaniy-maʼrifiy platforma sifatida shakllanmoqda.
Taqdimotda oʻtgan davrda markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Markaz joriy yilning 17-mart kuni muhtasham binoda rasman ish boshladi. 1-iyun holatiga koʻra, markazga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar kelgan. Kunlik tashriflar soni oʻrtacha 6 ming nafarni tashkil etmoqda. Shu davrda muassasaga 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar tashrif buyurgan.
Majmua tarkibida Bolalar muzeyi tashkil etildi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Binoda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylashtirildi. Gid-ekskursovodlar va nazoratchilar xizmati tashkil qilindi.
Ilmiy va innovatsion yoʻnalishda 810 ta loyiha amalga oshirildi. Bu ishlarda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etdi.
Markazda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, mahorat darslari va kitob taqdimotlari tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarga bugunga qadar 5 mingdan ziyod ishtirokchi jalb etildi.
Madaniy merosni qaytarish va fondlarni boyitish yoʻnalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jami 1 mingdan ziyod artefakt Oʻzbekistonga qaytarildi. Markaz kutubxona fondi ham boyitilmoqda. Hozirgi kunda fond tarkibida 3 mingdan ortiq nodir nashr mavjud boʻlib, 762 tasi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moʻljallangan. Fond raqamlashtirilmoqda, elektron chiplar oʻrnatilmoqda.
Muassasa faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar ham keng joriy etilmoqda. Mehmonlar uchun robot-gidlar xarid qilindi, multimedia va interfaol qurilmalar ekspozitsiyalarga joylashtirildi.
Markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida “Ginnessning jahon rekordlari kitobi”ga kiritildi.
Taqdimotda markazni yanada rivojlantirish boʻyicha kelgusi rejalar ham koʻrib chiqildi.
Avvalo, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Markazning ilmiy jurnalini xalqaro “Scopus” va “Web of Science” bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish, qoʻlyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilgan.
Diniy-maʼrifiy sohadagi magistr va doktorantlar uchun “Islom maʼrifati” stipendiyasini joriy etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, diniy-maʼrifiy soha vakillari, jumladan, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish koʻzda tutilmoqda.
Madaniy merosni qaytarish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Mazkur yoʻnalishda jahon auksionlari, muzeylar, xususiy kolleksiyalar va xalqaro sanʼat bozorlarida Oʻzbekistonga mansub nodir artefaktlarni izlash, aniqlash, ilmiy oʻrganish, ekspertizadan oʻtkazish, muzokaralar olib borish va ularni Vatanga qaytarish boʻyicha doimiy mexanizm yaratish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, dunyo boʻylab Oʻzbekiston madaniy merosini doimiy monitoring qilish, madaniy meros obyektlarining yagona raqamli maʼlumotlar bazasi va xalqaro reyestrini shakllantirish, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu borada Xitoy, AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniy merosiga oid kolleksiyalar boʻyicha ham ishlar olib boriladi.
Media va xalqaro targʻibot ishlarini kuchaytirish rejalari ham muhokama qilindi.
“Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va ilm-maʼrifat yoʻli” mavzusida I xalqaro Islom forumini oʻtkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, BMTning Nyu-York va Jenevadagi tuzilmalari hamda UNESCOning Parijdagi qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy merosiga bagʻishlangan maxsus taqdimotlar oʻtkazish ham koʻzda tutilmoqda.
Markaz taqdimotlarini 55 ta davlatda tashkil etish, “Islomda ayollarning oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya va koʻrgazma oʻtkazish, Oksford islom tadqiqotlari markazi, ICESCO, IRCICA, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan qoʻshma ilmiy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishga koʻrsatma berildi.
Xorijiy jurnalistlar va xalqaro media tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida press-turlar, xalqaro media klublar va media anjumanlar tashkil etiladi. Markaz brendini global miqyosda mustahkamlash uchun fotokoʻrgazmalar, tematik taqdimotlar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda davra suhbatlari oʻtkaziladi.
Shuningdek, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga keluvchi ziyoratchi va sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, tashriflarni tartibli va mazmunli tashkil etish, ularga axborot va gid xizmatlarini koʻrsatishni takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy madaniy merosi, maʼrifatparvarlik anʼanalari va Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy yuksalishini dunyoga namoyon etadigan maskan boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga markaz faoliyatini tizimli rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va nashr ishlarini kengaytirish, madaniy merosni qaytarish boʻyicha doimiy mexanizm yaratish, muzey fondlarini boyitish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro media targʻibotni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.