Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, sanʼati, adabiyoti, diniy-maʼrifiy va maʼnaviy merosini chuqur oʻrganayotgan Burxon Charlak respublikaga qilgan sayohatlari davomida xalqimizning mehmondoʻstligi, samimiyligi, boy madaniyati, sanʼati, qadimiy urf-odatlari, meʼmorchilik obidalari bilan yaqindan tanishgan va diyorimizga mehr qoʻygan, oʻzbek tilini oʻrganmoqda.
B.Charlak niderlandiyalik tarixchi olim, yozuvchi va jurnalistlar guruhining joriy yil sentyabr oyida mamlakatimizga safarini tashkil qilmoqda.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston turizm salohiyatiga bagʻishlangan maqolalarni Yevropa ommaviy axborot vositalarida nashr qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Burxon Charlak mamlakatimizga tashrifidan soʻng guruhdagi hamkorlari bilan birgalikda Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz yilligiga bagʻishlab turkum maqolalar chop etish va yilning har choragida niderland tilida mamlakatimiz haqida jurnal nashr qilish rejalari haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, u Amsterdam shahridagi metro bekatlaridan birini Toshkent metro bekatlari koʻrinishi (dizayni) asosida bezash uchun niderlandiyalik hamkorlar bilan muzokara olib borayotganini maʼlum qildi.
Uchrashuvda yozuvchiga “Oʻzbek tili: xorijliklar uchun intensiv kurs” kitobi taqdim qilindi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Niderlandiyada oʻtkaziladigan turizmga oid xalqaro koʻrgazmalarda Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini hamkorlikda taqdim qilish hamda Burxan Charlakning Oʻzbekistonga safari doirasida yirik mahalliy sayyohlik kompaniyalarida uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.