Ta’kidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi mutaxassislari ilg‘or bilimlarining jahon tajribasidagi o‘rnini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilimlar va ma’lumotlarni tarqatish tizimini yaratishda tavsiyalar so‘rab mazkur tashkilotga murojaat qilgan edi.
Materialda qayd etilishicha, Niderlandiyaning Vageningen tadqiqot markazi ushbu taklifni o‘z zimmasiga olib, uni amalga oshirishga kirishdi. Markaz bir necha oy davomida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishchi guruhi bilan maslahatlashuvlar olib bordi. Sa’y-harakatlar natijasida sohada strategik tuzilma ishlab chiqildi, qishloq xo‘jaligi fanlari, innovatsiya va kadrlar tayyorlashga oid Ilg‘or tajribalar markazi tuzildi, shuningdek, 2020-2030 yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Strategiyasida belgilangan boshqa vazifalar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Markaz bilan hamkorlikda davlat idoralari, ishbilarmon doiralar, ilmiy-tadqiqot institutlari va qator universitetlar, o‘quv kurslari markazlari, xizmat ko‘rsatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish borasida "Yo‘l xaritasi" ham ishlab chiqildi.
– O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilishning majmuaviy topshiriq va vazifalarini hal etishda bir o‘lchovli yechimlar mavjud emas, - dedi FAO ning Markaziy Osiyo mamlakatlari yer resurslarini boshqarish bo‘yicha tashabbusining mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Mahmud Shoumarov. – Kutilayotgan innovatsion jarayon turli manfaatdor tomonlar, xususan, hukumat, xususiy sektor va ishlab chiqaruvchilar, o‘quv-bilim markazlari, o‘quv-kurslari markazlari va fuqarolik jamiyati ishtirokini talab etadi. Biz ushbu maqsadga erishish yo‘lida respublika Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘maklashishdan mamnunmiz.