Uning taʼkidlashicha, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Endi barcha kuch va vositalar jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar etiladi.
Buning uchun prokuratura tizimida:
- “fuqarobay” ish tizimi joriy qilinadi;
- har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi;
- jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari yanada kuchaytiriladi.
Shuningdek, murojaatda u tergov sifati yanada oshirilishi ham taʼkidlangan. Bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga yoʻl qoʻyilmasligini maʼlum qilgan.
«Qaysi idorada boʻlmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokurorlarning kundalik va qatʼiy nazoratida boʻladi. Tekshiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, toʻliq, eng asosiysi, xolis va qonuniy oʻtkazilishini taʼminlashga, tergov xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi», — dedi bosh prokuror.
Bu faoliyatga ilm-fan yutuqlari va zamonaviy axborot texnologiyalar joriy etiladi, sohani raqamlashtirish choralari koʻriladi. Eng asosiysi, odamlarning tergov idoralarida sarson boʻlishiga, tazyiq va zoʻravonlikka uchrashiga, noqonuniy hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishiga yoʻl qoʻymaslikning barcha choralari koʻriladi. Ayblanuvchilarga ehtiyot chorasini qoʻllashda adolatni taʼminlash, himoya huquqini mustahkamlash, advokatlar faoliyatiga toʻsqinliklarni bartaraf etish prokurorlarning alohida eʼtiborida boʻladi.
«Bundan buyon prokuratura organlarining eng yuqori tizimidan quyi boʻgʻinigacha, umuman, barcha kuch va vositalarimiz korrupsiyaga qarshi kurashishga toʻliq safarbar qilinadi. Bu borada barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yoʻlidan boramiz», — dedi Yoʻldoshev.
Nigʻmatilla Yoʻldoshev jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralari koʻrilishini eʼlon qildi.
«Korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni, tub sabablarni aniqlash uchun eng chekka hududlargacha boramiz, har bir sohaga chuqur kiramiz. Ijtimoiy soʻrovnomalar, muloqot va uchrashuvlar tashkil qilib, xalqimizning eʼtirozlari, fikr va takliflarini doimiy oʻrganamiz. Shu orqali, soha va hududlardagi “korrupsiyaviy tuynuk”larni aniqlab, ularni tag-tomiri bilan yoʻq qilish boʻyicha manzilli choralar koʻramiz», — deya qayd etdi u.
Byudjet mablagʻlari, jumladan subsidiya va boshqa koʻrinishdagi davlat koʻmagining sarflanishi, davlat xaridlari, xizmat koʻrsatish jarayonlari, umuman, aholi koʻp duch keladigan sohalarda turli suiisteʼmolchilik va byurokratik toʻsiqlarning oldini olish, qonuniylikni taʼminlash diqqat markazida boʻlishini maʼlum qildi.
«Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, barcha sohalarni raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish choralariga alohida masʼuliyat bilan yondashamiz. Korrupsiyani fosh etishga doir hamkorlikdagi tadbirlarni ham yanada jadallashtiramiz, umuman, aholi va tadbirkorlarni, shu jumladan investorlarni jinoiy tajovuzlardan himoyalash uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz», — deydi u.
Bosh prokuror buning uchun, korrupsiyaviy holatlar haqida bosh prokuraturaga tezkor xabar berish imkoniyatini beruvchi, tun-u kun ishlaydigan “Ishonch telefoni” va Telegram botni ishga tushirilganini eslatdi. Maxsus operatorlar guruhi faoliyatini ham yoʻlga qoʻyilgan.
«Albatta, bu vazifalarni bilimli, tashabbuskor, sadoqatli va bugungi islohotlar natijalariga daxldorlik hissi bilan yashaydigan xodimlar korpusi bilangina samarali amalga oshirish mumkin. Shu bois, xodimlarimizning bilimi, dunyoqarashi, ongu tafakkurini rivojlantirish, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish choralarini izchil davom ettiramiz», — deya murojaatini yakunlagan Nigʻmatilla Yoʻldoshev.