"Nihoyat "snos" masalasi qonun orqali tartibga solinadigan bo‘lmoqda"

    O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi.

    Deputat Rasul Kusherbayevning qayd etishicha, anchayin eʼtiroz va muhokamalarga sabab boʼlgan "snos" masalasi endi qonun osti hujjatlari bilan emas, balki Qonun orqali tartibga solinadigan boʼlmoqda.

    "Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʼyish tartib-taomillari toʼgʼrisida"gi yangi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan koʼrib chiqish boshlandi", – deya xabar berdi Kusherbayev.

    "Hozircha 42 moddadan iborat shaklda kiritilgan qonun loyihasi jismoniy va yuridik shaxslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida tegishli boʼlgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʼyilishi hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan koʼchmas mulk obyektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilashdan iborat.

    Ushbu Qonun jismoniy va yuridik shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʼlgan, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining doimiy foydalanishida boʼlgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmasligi koʼrsatilmoqda. Nihoyat "snos" masalasi qonunosti hujjati emas, qonun orqali tartibga solinadigan boʼlmoqda. Bu manfaatlar toʼqnashuvi sharoitida yaxshi qadam", –deydi u.