Savolga DXA Samarqand viloyat boshqarmasi masʼul xodimi Farangiz Naberayeva javob beradi.
— Nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi kimga nisbatan tuzilgan boʻlsa faqat ana shu shaxslarning arizasiga koʻra tiklanadi. Agar yozuvni tiklashdan manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlsa yozuvni tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
Taʼkidlash kerakki, dalolatnoma yozuvining ikkala nusxasi ham yoʻqolgan boʻlsa, u holda dalolatnoma yozuvini tiklash 16 yoshga toʻlgan fuqaroning shaxsiy arizasiga koʻra uning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidagi FHDYO organi tomonidan amalga oshiriladi. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash ularni tiklash uchun asos boʻlgan barcha holatlar FHDYO organi tomonidan aniqlangandan keyingina bajariladi. Dalolatnoma yozuvini tiklash toʻgʻrisidagi ariza olingan taqdirda FHDYO organi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun asosligini tasdiqlovchi dalolatnoma yozuvlaridan nusxalarni ular saqlanadigan joydagi tegishli FHDYO organlaridan soʻrab olishi mumkin.
Nikoh tuzilganligi haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun ariza, Agentlik boshqarmasi idoraviy FHDYO arxivining nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqligi yoki yoʻqolganligi (yoʻqolish sabablarini koʻrsatgan holda) haqidagi maʼlumotnomasi, pasportlarning nusxalari, bolalarining (ular boʻlsa) tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari, nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi boʻlganligini tasdiqlovchi boshqa qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDYO organi tomonidan xulosa tuziladi, soʻngra nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari daftarida oxirgi dalolatnoma yozuvining raqami takroriy ravishda “T” harfi qoʻygan holda yoziladi va nikoh tuzilganligi haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi. Nikoh tuzilganligi haqida guvohnomada “nikohlandilar” ustunida tiklanayotgan dalolatnoma yozuvining dastlabki qayd etilgan sanasi, “tegishli dalolatnoma yozuvi qayd etildi” ustunida esa — nikoh tuzilganligi haqida tiklanib tuzilgan dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi koʻrsatiladi.
Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun yetarli asoslar boʻlmaganda FHDYO organi ariza beruvchiga rad qilinganlik haqidagi asoslangan xulosa beradi. Ushbu xulosa bilan ariza beruvchi masalani mohiyatiga koʻra hal etish uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Dalolatnoma yozuvi qayta tiklanganligi uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi. Jami 61 ming 250 soʻm. Yaʼni 10 foiz davlat boji – 24 ming 500 soʻm, 15 foiz gerb yigʻimi – 36 ming 750 soʻm.
Eslatma: Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 230-moddasiga muvofiq dalolatnoma yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv boʻlganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar boʻlganida yoʻqolgan yozuvlarni qayta tiklash tushuniladi.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati









