Nima uchun AstraZeneca ikki marta, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi esa uch marta qabul qilinadi?

    Salomatlik 6 Aprel 2021 1919

    Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan vaksinatsiya, aholini ommaviy emlash tadbirlari boʻyicha SSV Matbuot xizmati savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Botir QURBONOV javob berdi.

    — Ayni paytda mamlakatimizda qancha vaksina bor va toʻliq emlanish uchun necha marta vaksina qabul qilish kerak?

    — Butun dunyo, xususan, mamlakatimizda bir yildan ortiq davom etayotgan pandemiya davri jamiyatimizga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmayapti.

    Yuqumli kasalliklar boʻyicha eng samarali profilaktika bu — vaksinatsiya, aholini ommaviy emlash hisoblanadi. Dunyoning koʻpgina mamlakatlari qatorida oʻtgan yil dekabr oyidan boshlab yurtimizda ham aholini ommaviy emlash jarayonlariga tayyorgarlik boshlab yuborilgan edi.

    Xabaringiz bor, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi tomonidan yurtimizda 3-bosqich sinovlari muvaffaqiyatli oʻtgan, oʻzbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 million dozasi Xitoydan olib kelingan edi.

    Bundan oldinroq esa, COVAX global hamkorligi doirasida 660 ming doza “COVID-19”ga qarshi AstraZeneca vaksinasi ham olib kelinganligi haqida xabar bergan edik.Shu kunlarda qizgʻin davom etayotgan vaksinatsiya jarayonlari uchun jami 1 million 660 ming doza miqdoridagi vaksinadan foydalanilmoqda.

    Fuqarolar AstraZeneca vaksinasini ikki marta, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini esa uch marta qabul qilgach, toʻliq emlangan hisoblanadi. Fuqarolar qaysi vaksina bilan emlanishni oʻzlari tanlashi mumkin.

    Eslatib oʻtamiz, aprel oyining boshidan beri 35 ming nafardan ortiq kishi koronavirusga qarshi emlandi. Eng muhimi, shu kunga qadar emlanganlar orasida biror marta nojoʻya taʼsirlar kuzatilmadi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.