Suhbat chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligi rivojlanishining bugungi oʻsuvchanligi va ustuvor yoʻnalishlar muloqotning asosiy mavzulari boʻldi.

Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi.

Martin Vikkers umumpartiyaviy parlament guruhining aʼzosi sifatida Oʻzbekistondagi oʻsuvchan yangilanish jarayonlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirdi. U mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganini alohida taʼkidladi. Bunday sharoitlar Britaniyaning Oʻzbekiston bilan yana-da faol ikki tomonlama iqtisodiy hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shuningdek, muzokaralar chogʻida Linkolnshir mintaqasi va Oʻzbekiston kompaniyalari oʻrtasida sanoat, qishloq xoʻjaligi va yashil energetika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Martin Vikkers koʻmagida deputat saylangan mintaqa — Linkolnshir grafligining biznes hamjamiyati bilan oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, elchixona vakillari tomonidan mintaqaga safar uyushtirishga kelishib olindi.