Suv xo'jaligi vazirligi bu yil 150 ming gektar maydonda suv tejovchi, jumladan, 44 ming gektarda tomchilatib sug'orish texnologiyalarini joriy qiladi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida 2 ming 600 gektar paxta maydonida tomchilatib sug'orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Ayni paytda “Agrobank”ning viloyat va tuman bo'limlari tomonidan 46 ta fermer xo'jaliklari va klaster tashkilotlariga 11 mlrd. 710 mln. so'm boshlang'ich kredit mablag'lari ajratildi. Ular tomonidan texnologiyani qurish va o'rnatish ishlari olib borilayapti.

“Indorama agro” MCHJ tomonidan Nishon tumanidagi ekin maydonlariga zamonaviy ko'chma egiluvchan quvurlar yordamida tajriba tariqasida paxta navlarini ekish mo'ljallangan. Erlar tekislanib, 200 metr uzunlikdagi egiluvchan quvurlar tortildi. Hozirda maydonga nam suvi berilayapti.

Nishon tuman irrigatsiya bo'limi boshlig'i SHerali Boboqulovning aytishicha, sug'orish qiyin bo'lgani uchun ushbu maydonlar  foydalanishdan chiqib ketgan edi.

“Indorama agro” MCHJ tomonidan Avstraliyadan keltirilgan egiluvchan quvurlar o'rnatilishi hisobiga suv ta'minoti yaxshilandi va 150 gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi.