Muzrabot tumani “Yurtim jamoli” mahallasida joylashgan “Beshqo‘ton fayz qurilish invest” MCHJning ma’muriy binosi ichidagi seyfdan 4 million 200 ming so‘m pullarni noma’lum shaxs o‘g‘irlab ketdi. Korxona rahbari bu haqida tezda tuman Ichki ishlar bo‘limiga xabar berdi. IIB xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralardan so‘ng, o‘g‘ri binoning orqa tomonida joylashgan deraza orqali kirganligi ma’lum bo‘ldi. 

Surishtiruvlar davomida bu ishni shu korxonaning g‘isht zavodida ishchi bo‘lib ishlaydigan A.S. sodir etgani oydinlashdi. Bungacha ham u ushbu MCHJ hududiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 2 million 800 ming so‘mlik 1 dona suv nasosini o‘g‘irlab ketganligi aniqlandi. Ashyoviy dalillar olingach, A.S.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.