Bu borada Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti yana bir muhim natijaga erishdi. Universitet Markaziy Osiyoda 8Foundry Alliance xalqaro innovatsion klasteriga aʼzo boʻlgan birinchi oliy taʼlim muassasasiga aylandi.
Mazkur voqeani nafaqat universitet, balki mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining xalqaro integratsiya jarayonlaridagi muhim qadamlaridan biri sifatida eʼtirof etish mumkin. Shu munosabat bilan universitetda Polsha Respublikasining 8Foundry Alliance xalqaro klasteri rahbariyati vakillari — klaster raisi Rafael Magrish hamda xalqaro hamkorlik boʻyicha mutaxassis Pyotr Merjvinskiy ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Maʼlumki, 8Foundry Alliance Yevropa Ittifoqi davlatlari, Osiyo va boshqa mintaqalardagi universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, davlat tashkilotlari hamda biznes subyektlarini birlashtiruvchi yirik xalqaro innovatsion platforma hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Uchrashuvda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari, Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori Hilola Umarova mazkur hamkorlikning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
— Bugungi kunda universitetimiz uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish strategik vazifalardan biri hisoblanadi, — dedi Hilola Umarova. — Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro grantlar va dasturlarda ishtirok etish, qoʻshma ilmiy-tadqiqot va taʼlim loyihalarini amalga oshirish biz uchun ustuvor yoʻnalishdir. 8Foundry Alliance tarmogʻi mazkur maqsadlarni roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Universitetimiz tomonidan aʼzolik boʻyicha barcha hujjatlar imzolanib, klasterga taqdim etildi. Bugungi uchrashuv esa hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va kelgusidagi qoʻshma rejalarni belgilab olish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida taʼlim va ilm-fan sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlarda ishtirok etish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish va texnologiyalar transferi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Mazkur hamkorlik universitet uchun bir qator yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Xususan, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar Yevropa universitetlari hamda ilmiy markazlari bilan qoʻshma tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega boʻlsa, talabalar xalqaro loyihalarda ishtirok etish, startap gʻoyalarini xorijiy ekspertlar va investorlarga taqdim etish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.
Shuningdek, klaster vakillari universitet faoliyati, taʼlim sifati va ilmiy salohiyatini oʻrganadi. Kelgusida universitet professor-oʻqituvchilari hamda talabalarining Polshaga tashriflari tashkil qilinib, ilgʻor tajribalar bilan tanishish va malaka oshirish ishlari yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.
— Biz Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetining xalqaro rivojlanish strategiyasi va innovatsiyalarga boʻlgan yondashuvini yuqori baholaymiz, — dedi Rafael Magrish. — Universitetning klasterimizga qoʻshilishi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamdir. Biz birgalikda yangi tashabbuslarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Ishonamanki, bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli natijalar beradi
Zamonaviy universitet faqat taʼlim berish bilan cheklanib qolmasdan, innovatsiyalar yaratish, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish va xalqaro hamkorlik maydonlarida faol ishtirok etishi lozim. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, universitetning 8Foundry Alliance xalqaro klasterga qoʻshilishi taʼlim va ilm-fan sohasida yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim jarayondir.
Eng muhimi, ushbu Klaster faqat taʼlim bilan emas, balki davlat tashkilotlari, texnologik kompaniyalar, investitsiya muhiti va innovatsion ekotizim bilan ham ishlaydi. Shuning uchun bu aʼzolik universitetning xalqaro nufuzini oshirib, talabalar hamda olimlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi hamda pedagogika taʼlimi va ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi marralarni zabt etishga xizmat qiladi.
Mansur Hasanov,
Nizomiy nomidagi OʻzMPU
Axborot va media xizmati boʻlimi masʼul xodimi