Oʻzbekiston — baxtiyor yoshlar mamlakati! Men shunday betakror yurtda yashayotganimdan faxrlanaman. Bu gʻurur beqiyos sharaf, katta masʼuliyat yuklaydi. Shunga munosib boʻlish uchun tinimsiz oʻqib-oʻrganib, ulkan maqsadlarim sari intilib kelayapman. Bu yoʻlda gʻamxoʻr Yurtboshimiz bizni har tomonlama qoʻllab, yuksak marralarga daʼvat etmoqda.

Bugungi yoshlarning salohiyati, dunyoqarashi, bildirgan taklif va tashabbuslari, mustaqil fikrlashi, kelajak va Vatan, oʻzining jamiyatdagi oʻrni va masʼuliyati haqidagi qarashlari barcha ota-onalar, ustoz-murabbiylar qatorida Prezidentimizni ham cheksiz quvontirib kelyapti. Bunga davlatimiz rahbarining Yoshlar kuni Prezident va ijod maktablari oʻquvchilari, Yangi Oʻzbekiston universiteti talabalari, yosh olim va ijodkorlar, IT dasturchilar, sportchi va tadbirkorlar bilan samimimy muloqoti chogʻida yana bir karra namoyon boʻldi. Har bir isteʼdodli yosh bilan otalarcha gʻamxoʻrlik, mehr-muhabbat bilan suhbatlashdi.

Bunday sharafga chet elning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar kabi menga ham nasib etganidan, Prezidentimiz Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali oʻqishga yuborilgan va yuborilayotgan tengdoshlarim qatori mening nomimni ham qayd etganidan behad mamnunman.

Yurtboshimiz “Bu oʻgʻil-qizlarimiz xalqimizning oltin fondi, Uchinchi Renessans bunyodkorlari, desam, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekistonning kelajagi hisoblangan bunday fidoyi, bilimli, zukko va vatanparvar oʻgʻil-qizlarimiz barchaga namuna boʻlishi kerak”, deganda zimmamizdagi masʼuliyat zalvorini yanada teran his etdik.

Tadbirkorlar oilasida tugʻilganman. Otam va onajonim butun mehr va muhabbatini bagʻishlab, ilm olishimiz uchun bizga barcha sharoitlarni yaratib berdi. Maktabda aʼlo oʻqishga intildim. Buning natijasida 2011-yilda Navoiy shahridagi 1-sonli maxsus ingliz tiliga ixtisoslashgan gimnaziya maktabini imtiyozli diplom bilan tugatdim. 2014-yilda esa Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabasi boʻlishdek katta orzuimga erishdim. Bu, hayotimni tubdan oʻzgartirib yubordi. Maqtanishga yoʻymang, tez orada universitetning tashabbuskor va aʼlochi yoshlari safiga qoʻshildim. 2015-yilda fakultet sardori, 2017-yilda universitet talabalar kengashi aʼzosi va Yoshlar yetakchisi oʻrinbosari sifatida faoliyat olib bordim. 2018-yilda universitetni iqtisodiyot va moliya yoʻnalishi boʻyicha aʼlo baholarga tamomladim.

Ish faoliyatimni xalqaro Ernts&Young korxonasida auditor yordamchisi boʻlib boshladim. 2019-yilning fevral oyidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Loyiha ofisiga moliyaviy tahlilchi lavozimiga taklif etildim. Hozirgi vaqtda yetakchi mutaxassis sifatida zimmamga yuklatilgan vazifalarni bajarib kelyapman.

Keying uch yil mobaynida kombinatimizda transformatsiya jarayonlari amalga oshirildi. Bunda asosiy eʼtibor korxonani xalqaro moliyaviy bozorning teng huquqli ishtirokchisiga aylantirish, unda korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish, raqobatbardoshlikni oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va, eng asosiysi, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishga qaratildi.

Ushbu jarayonlarni jadallashtirish va aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish boʻyicha kombinatning qimmatbaho metallar ishlab chiqarish segmentiga oid boʻlgan 117,5 trillion soʻmlik aktiv va majburiyatlari jamiyat balansiga oʻtkazildi hamda ustav kapitali shakllantirildi. Xalqaro moliya bozorlariga chiqish maqsadida investorlar talablariga muvofiq, xalqaro auditorlik kompaniyasi ishtirokida global standartlarga asosan barqaror rivojlanish hisoboti (ESG) tayyorlandi. Nufuzli xorijiy konsalting kompaniyasini jalb qilgan holda, hisob siyosati ishlab chiqildi. Kombinat umumiy zaxiralarning 90 foizini oʻzida mujassamlashtirgan 29 ta kon Avstraliya kodeksi JORC Code standartlari talablari asosida toʻliq qayta baholandi. Shuningdek, kombinatning tubdan yangicha korporativ tuzilmasi tayyorlanib, amaliyotga joriy qilindi.

Ana shunday masʼuliyatli jarayonlarda ishtirok etib, baholiqudrat hissa qoʻshganimdan mamnunman.

Bilim va amaliyotni mustahkamlash niyatida AQSHning Chikago universiteti (University of Chicago Booth School of Business) ga Biznes boshqaruvi magistri (MBA) dasturiga hujjatlarimni topshirdim va shartsiz oʻqishga qabul qilindim. Ushbu yoʻnalish xalqaro MBA dasturlari reytinglarida eng obroʻlilaridan biri deb hisoblanadi. Binobarin, "Usnews 2023 Best Business Schools” reytingida Chikago universiteti birinchi oʻrinda turadi

Men magistratura dasturini muvaffaqiyatli tugatib, Yangi Oʻzbekiston kelajagi yoʻlida yangi kuch va bilimlar bilan ishimni davom ettirmoqchiman. Ayniqsa, metallurgiya sohasida ilgʻor xalqaro korporativ tajribalarni joriy etish oliy maqsadlarimdan biri boʻlib qoladi. Bunda olgan bilimlarim va orttirgan tajribam yurtimizda ilgʻor gʻoyalarni tatbiq qilishda qoʻl keladi, degan niyatidaman.

Prezidentimiz va ota-onalarimiz farzandlaridan bir narsani soʻraydi: tinimsiz oʻqib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan, koʻnglingizdagi ezgu maqsadlar sari harakat qilishdan hech qachon toʻxtamang! Biz bu daʼvatga munosib boʻlish, yuksak ishonchni oqalash uchun doimo izlanishda va,albatta, yuksak marralarni egallash yoʻlida intilishu harakatda boʻlamiz.

Nilufar ROʻZIYEVA,

AQSHning Chigago universiteti magistranti