Mamlakatimizda yuz berayotgan iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy-madaniy sohalardagi oʻzgarishlar barcha tizimlarda yangilanishlarni, yangicha yondashuv asosida belgilangan vazifalarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasining asosiy maqsadi, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish, jamiyat hayotida ishtirokiga koʻmaklashish, tashkiliy mexanizmlarini amalga oshirishni mustahkamlash, obroʻsini, salohiyatini oshirishga qaratilgandir.
Bugungi kunda, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlanishidagi muammolarni hal etish yoʻllarini koʻrsatib beruvchi va ularni bartaraf etishda koʻmaklashuvchi tashkilotga aylanmoqda.
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi nodavlat tashkilotlarining erkin faoliyat olib borishi uchun zaruriy huquqiy maʼlumotlar bilan taʼminlash, oʻquv dasturlari joriy etish, turli yoʻnalishlarda grant loyihalari tanlovlarini eʼlon qilish imkoniyatiga ega.
Nodavlat notijorat tashkilotlari oʻzini oʻzi boshqarish organlari sifatida fuqarolarning turli ijtimoiy manfaatlarini himoya qiladi. Fuqarolar oʻz qiziqish va manfaatlarini individual holda emas, balki fuqarolik institutlari – NNTlar orqali amalga oshiradi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati jamiyatda, ijtimoiy munosabatlarda qanchalik yuqori darajada boʻlsa, NNTlarda fuqarolar ishtiroki qanchalar faollashsa, fuqarolik jamiyati tamoyillari shunchalik darajada amal qiladi.
Shu maʼnoda, nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz ish faoliyatlarini samarali olib borishlari uchun ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yaratish ham muhim ahamiyatga egaligi, Respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarning yangi Oʻzbekiston taraqqiyotidagi oʻrni muhim ekanligi inobatga olinib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ularga bir qancha imkoniyatlar yaratildi. Mazkur yoʻnalish boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5012-son Qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining qonuniy jihatdan mustahkamlanganligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi imkoniyati yaratilganligi, fuqarolar oʻzlarining ijtimoiy manfaatlari hamda imkoniyatlarini emin-erkin roʻyobga chiqara olishlari – jamiyat hayotida oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilining amal qilishini taʼminlaydi.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroridan kelib chiqib, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi tarkibiy tuzilmasida “Nodavlat notijorat tashkilotlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻlimi” tashkil etildi. Mazkur boʻlim Assotsiatsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etib, sohani tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar beradi.
Boʻlimning asosiy vazifalaridan yana biri, Assotsiatsiyaga aʼzo boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlarida, sudlarda, xalqaro, xorijiy, shuningdek, boshqa tashkilotlarda ifoda etish va himoya qilishdan iborat.
Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlarning buzilgan huquqlarini tiklash, yetkazilgan moddiy zararlarni qoplanishi va boshqa huquqiy masalalarda qoʻllab-quvvatlaydi, bir soʻz bilan aytganda ularning huquqiy himoyasini taʼminlaydi. Nodavlat notijorat tashkilotlarning ishchanlik faoliyatiga taʼsir koʻrsatuvchi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga huquqiy va uslubiy maslahatlar berib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, Assotsiatsiyaga aʼzo boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va uslubiy maslahatlar berish, har tomonlama qoʻllab quvvatlash, faoliyatlari bilan bogʻliq boʻlgan qiziqtirgan savollarga zudlik bilan javob berish borasidagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida telegram tarmogʻida (t.me/UzNNTMA_huquq) huquqiy murojaatlar guruhi ochilib, ishga tushirildi.
Xulosa qilib aytganda, nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi ularning samarali va hech qanday toʻsiqlarsiz ish olib borish, rivojlanish kafolatidir.
Normurod Shodmonov,
Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi,
NNTlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻlimi boshligʻi