Tadbirda soʻz olganlar, jamiyatimiz yangi taraqqiyot davrida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy tashabbuskori sifatida katta marralarni koʻzlayotganligini, inson qadri, uning farovonligi, erkinligi borasida ilgari surilayotgan tashabbuslarda NNTlarning faolligini oshirish, ularning xalqchilligini taʼminlash, davlat boshqaruvida ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlari bilan faol boʻlishi, qolaversa, dvlat organlari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga batafsil toʻxtalib oʻtdilar.
Oʻz navbatida mazkur keng koʻlamli ishlarni tashkil etishda NNTlardan zamonaviy bilim va sohaviy malaka talab etiladi. Shu boisdan, ularning malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, oʻtgan yili 50 nafar nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻz yoʻnalishlari boʻyicha bilim va koʻnikmalari oshirilgan boʻlsa, joriy yil 100 nafar NNT rahbarlarini malakasini oshirish koʻzda tutilmoqda. 2025-yilga qadar jami 750 nafar NNT rahbarlarini oʻqitish rejalashtirilgan.
OʻzNNTMA vakillarining qayd etishicha, joriy yilgi birinchi bosqich oʻquvlariga tanlov OʻzNNTMAning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali keng ommaga eʼlon qilindi. Unda ishtirok etish maqsadida respublikamizning barcha viloyatlaridan 200 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarining arizalari kelib tushdi. Komissiya tomonidan tanlovda nazarda tutilgan talablar asosida birinchi bosqich uchun 50 nafar NNTlarining rahbarlari tanlab olindi. Yana 50 nafar NNTlar rahbarlari joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtadigan ikkinchi bosqich oʻquvlarda malaka oshiradi.
72 soatlik maxsus oʻquv reja asosida olib boriladigan darslarda NNTlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, qolaversa, moliyaviy barqarorlikka erishish, xorijiy tajriba hamda rahbar xodimning shaxsiy kompitentligini oshirish masalalariga eʼtibor qaratiladi.
Oʻquvlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Davlat boshqaruv akademiyasining sertifikatlari topshiriladi. Oʻz navbatida, malaka oshirish kursini tamomlagan tinglovchilar OʻzNNTMA qoshida tashkil etilgan “Trenerlar shtabi”aʼzoligiga qabul qilinadi.