NOAA: Quyosh chaqnashi elektr tarmoqlari va sun'iy yo'ldosh tizimlarida uzilishlarga olib kelishi mumkin

    Magnit bo'ron navigatsiyaga ta'sir qilishi va yuqori kengliklarda shimol yog'dusini yuzaga keltirishi mumkin.

    30-may kuni sodir bo'lgan quyosh chaqnashi elektr energiyasi va sun'iy yo'ldosh infratuzilmasi ishida uzilishlarga olib kelishi mumkin, deya xabar beradi AQSh Milliy okean va atmosfera ma'muriyati (NOAA) tarkibiga kiruvchi Kosmik ob-havoni bashorat qilish markazi (SWPC).

    SWPC bayonotida qayd etilishicha, quyosh bo'roni elektr ta'minoti tizimlari, sun'iy yo'ldosh tarmoqlari va navigatsiya signallariga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bu, ayniqsa, elektr uzatish tarmoqlarida kuchlanishni nazorat qilish bilan bog'liq muammolar va qisqa muddatli uzilishlar xavfini yuzaga keltiradi.

    Kuchli geomagnit faollik darajasi 1 va 2-iyun kunlari ham saqlanib qolishi mumkin. Bashoratga ko'ra, bo'ron 3-iyundan boshlab o'rtacha va kuchsiz darajaga – G1 va G2 darajalariga qadar susayishi kutilmoqda.

    Bundan tashqari, mutaxassislar shimol yog'dusini yuqori geografik kengliklarga ega bo'lgan hududlarda kuzatish mumkinligini ta'kidlashdi, deb xabar beradi aa.com.tr.