O'zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida”gi Qonunining 9-moddasida umumiy o'rta ta'lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to'ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan.

2021/2022 o'quv yilidan boshlab amalga kirgan ushbu qonun normasi davlat va nodavlat umumiy o'rta ta'lim tashkilotlari uchun birdek majburiy hisoblanadi.

O'tgan o'quv yili boshlanishidan avval bu haqida keng jamoatchilikka bir necha marotaba batafsil ma'lumot berilishiga qaramay, 7 yoshga to'lmagan bolalarni maktablarga noqonuniy qabul qilish holatlari kuzatildi.

Xususan, so'nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Умные дети” nodavlat ta'lim tashkilotiga farzandini 1-sinfga 7 yoshga to'lmasdan joylashtirgan va hozirgi paytda 2-sinfga o'tkaza olmayotgan ota-onalarning murojaatlari tarqalmoqda.

Bugungi kunda ushbu nodavlat ta'lim tashkilotida yuz bergan qonun buzilishi holatlari o'rganilayotganligini, o'rganish natijalariga ko'ra qonun buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarga hamda ta'lim tashkilotiga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo'llanishini ma'lum qilamiz.

Hurmatli ota-onalar!

Umumiy o'rta ta'lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular etti yoshga to'ladigan yilda qabul qilinishi haqidagi qonunchilik talabi mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha maktablar uchun taalluqli ekanligi to'g'risida Ta'lim inspektsiyasi tomonidan yurtimizdagi barcha nodavlat maktablarning muassislari ogohlantirilgan.

Shunday ekan, turli yo'llarni qidirib, faqatgina pul topishni maqsad qilgan ayrim shaxslarga ishonib, mablag'ingizni va farzandingizni qimmatli vaqtini bekorga sarflamasligingizni so'rab qolamiz, deya yozmoqda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.