Bugungi kunda 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari mahallalardagi ayollarni kasbga o‘qitish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaxshi tajriba yaratdi.
Shu bois, qishloq joylarida bunday loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat tashkilotlarga 2 milliard so‘mgacha grantlar ajratilgani bejiz emas.
2022-yil davomida o‘zi yoki qaramog‘ida nogironligi bor bo‘lgan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish borasida, nodavlat notijorat tashkilotlariga berilayotgan grantlar miqdori 5 baravarga oshirilib, 200 million so‘mgacha yetkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari 2022–2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilingan bo‘lib, ayollarni kasbga, tadbirkorlikka yo‘naltirish uchun umumiy miqdori 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi o‘z a’zolari hamda boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari orasida grant mablag‘lari, ularni maqsadli sarflanishii, asosan respublikadagi mahallarlar bilan ishlashga e’tibor qaratilishi yuzasidan targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
Yuqoridagi ajratiladigan mablag‘larni maqsadli sarflanishi uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga grant ko‘rinishida mablag‘lar ajratilishi boshlandi. Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2022 yil 30 apreldan 30 maygacha o‘tkazilgan “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqaror bo‘lmagan mahallalarda aholini bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” hamda “Aholiga islohotlarning mazmun va mohiyatini yetkazish, ularning ongi, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini o‘zgartirish” mavzularidagi davlat grantining 1- va 2-tanlovlari g‘oliblariga o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun 100 million so‘mgacha mablag‘ ajratildi.
Bunda, 1-tanlov yakunlari bo‘yicha 43 ta loyiha uchun jami 3,5 milliard so‘m hamda 2-tanlov yakunlari bo‘yicha 31 ta loyiha uchun jami 2 milliard so‘m davlat budjetidan grantlar ko‘rinishida ajratildi.
Shuningdek, 2022-yilda davlat organlarining ijtimoiy buyurtmalari asosida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tanlov o‘tkazilib, jami 10 ta loyihaga umumiy miqdori 8 millard 430 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Bu, albatta, mahallalarda xotin-qizlar, ishsiz yoshlar, tadbirkorlikka qiziqqan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda juda katta qadam hisoblanadi.
Grant tanlovlarida g‘olib deb topilgan nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z loyihalarini amalga oshirish orqali mahallabay ishlash tizimi uchun juda katta hissa qo‘shadilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida har yili o‘z malakasini oshirayotgan NNT rahbarlari ham bu vazifalarni chetlab o‘tayotgani yo‘q. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan har yili tashkil etilayotgan “Trenerlar shtabi” a’zoligiga kirayotgan NNT rahbarlari o‘z hududlaridagi yosh, tajribasi kamroq bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlariga yordam berib kelmoqda. Buning natijasida, ko‘plab NNTlar o‘z hududlarida aholi uchun ijtimoiy ko‘maklarni berib kelmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan Shahrisabz shahrida “Xotin-qizlarni bandligini ta’minlash muxim vazifa” mavzusida bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasi tashkil etildi. Natijada, markazda o‘qib sertifikat olgan ko‘plab xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.
Joriy yilning 22-iyul kuni Andijon shahridagi “ASR AYOLI” Andijon ayollarini ijtimoy-iqtisodiy rivojlantirish uyushmasida Andijon viloyati Mintaqaviy tadqiqot markazi tomonidan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda Assotsiatsiya huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Yangi O‘zbekiston – yangi ijtimoiy muhit: hududda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish va boshqarishga ko‘maklashuvchi “Aql markazi”ni tashkil etish” nomli loyihasi doirasida o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Shuningdek, Namangan viloyati Kosonsoy tumani, “Istiqlol” mahallasida Namangan viloyati “Ijtimoiy himoya” jamiyatining O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Barchamiz inson qadri va ijtimoiy turmush tarzi uchun ma’suldirmiz!” nomli loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu grant loyihasi doirasida nodavlat notijorat tashkiloti 71 ta xonadon uchun toza ichimlik suvi tarmog‘ini foydalanishga topshirdi. Ushbu jarayonlarga NNTga O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi tashkiliy va amaliy jihatdan yordam berdi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, mahallabay ishlash, aholini ish bilan ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bor shaxslarga ishtimoiy yordam ko‘rsatish, mahallalar ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari ham davlatga katta yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Bahriddin Ziyatov,
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bosh mutaxassisi