Shu maqsadda nodavlat notijorat tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olgan holda tartiblarni soddalashtirish, qulaylik va yengilliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda ularning huquqlari qonun bilan belgilab qoʻyildi.

Jumladan, 1994-yil 14-aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi va 2007-yil 3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlari qabul qilindi.

Ushbu Qonunlar nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yoʻnalishlarini belgilash, kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash bilan birga, ularni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni ham tartibga soladi.

Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji miqdori 5 baravarga, ularning ramzlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan yigʻimlar miqdori 2,5 baravarga kamaydi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida NNTni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi murojaatlari ikki oy muddat oʻrniga bir oy muddatda koʻrib chiqilishi belgilandi. Roʻyxatdan oʻtkazishda taʼsis hujjatlarni notarial tasdiqlash va boshqa qoʻshimcha talablar bekor qilindi, hisobotlar topshirish hamda tadbirlarni kelishish tartiblari osonlashtirildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida yurtimizda NNTlar soni sezilarli darajada koʻpaydi. Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi aʼzolari soni 2021-yilda 868 ta boʻlgan boʻlsa, 2022-yilning 1-yarim yilligi yakuniga kelib 1277 tani tashkil etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, qaror bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlarida, sudlarda, xalqaro, xorijiy, shuningdek, boshqa tashkilotlarda ifoda etish hamda himoya qilish, ularga oʻz tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar yaratishga koʻmaklashish masalalari belgilab berildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarni rivojlantirish, ularning doimiy faoliyat yuritishlarini taʼminlash maqsadida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 - 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” gi farmoni bilan tasdiqlangan 12-maqsadda (Taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish);

Ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash hajmini ikki barobarga oshirish;

Xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilayotgan mablagʻlar hajmini yetti barobarga oshirish belgilab berildi.

Bir soʻz bilan aytganda, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomini kuchaytirish va ularning samarali ish olib borishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga qaratilmoqda.

Normurod Shodmonov,

Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi,

NNTlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻlimi boshligʻi