Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat boʻyicha nufuzli musobaqa davom etmoqda. “Tata Steel Chess-2023” musobaqasida shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov ishtirok etayotgani haqida avvalroq xabar qilgandik.
“Masters” guruhida Nodirbek Abdusattorov eronlik Parham Magsudluga qarshi dona surdi va deyarli 6 soatlik oʻyindan soʻng raqibini mot qilishga erishdi. Hamyurtimizdan ajoyib gʻalaba! Shaxmat qiroli sifatida eʼtirof etiladigan norvegiyalik Magnus Karlsen esa niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy berib qoʻydi.
“Chellenjer” guruhida esa Javohir Sindarov hindistonlik Adiban bilan durang qayd etdi. Shu tariqa shaxmatchilarimizning ushbu turnirdagi magʻlubiyatsiz seriyasi davom etmoqda.