Nodirbek Abdusattorov “Tata Steel Chess India” turnirida yetakchilik qilmoqda

    Hindistonning Kalkutta shahrida shaxmat boʻyicha oʻtayotgan “Tata Steel Chess India” turnirining rapid yoʻnalishi boʻyicha ortda qolgan 3 tur oʻyinlaridan soʻng hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 2,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.

    Kecha oʻtkazilgan 1-turda Abdusattorov qora donalarda FIDE bayrogʻi ostida musobaqada ishtirok etayotgan rossiyalik Danil Dubov bilan durangga imzo chekdi. 2-turda germaniyalik Vinsent Kaymerga qarshi oʻyinni ham Nodirbek qora donalarda oʻtkazishiga qaramasdan gʻalabaga erishdi. 3-turda oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa ustidan muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi.

    Ushbu oʻyinlar natijasida hamyurtimiz 2,5 ochko jamgʻargan holda turnir jadvalini boshqarib borayotgan boʻlsa, keyingi pogʻonalardan joy olgan hindistonlik Sunildat Narayanan, AQSHlik Uesli So va sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen 2 ochko bilan Nodirbek Abdusattorovni taʼqib etmoqda.

    Bugun, 14-noyabr kuni xalqaro turnir dasturiga muvofiq 4, 5 va 6-tur oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Qizigʻi, ushbu uchta turda ham Abdusattorov hindistonlik shaxmatchilar bilan kuch sinashadi.