Nogironlarning soliqqa tortilmaydigan daromadi miqdori oshirildi

    Qonun bilan Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi

    Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, vaqtinchalik soliq imtiyozlariga, Prezident yoki Hukumat qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi hamda yuridik shaxslarning yer soligʻidan toʻliq ozod qilish imtiyoziga ega soliq toʻlovchilar mazkur soliqlarni 1 foizi miqdorida toʻlaydi (mazkur tartib 3 oydan soʻng kuchga kiradi).

    Foyda soligʻini hisoblashda Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga xayriya qilingan mablagʻlar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.

    Bolalikdan nogiron boʻlganlar, shuningdek I va II guruh nogironlarining MHTEKMning 3 baravari (2 mln 466 ming soʻm) miqdoridagi mablagʻlari daromad soligʻiga tortilmaydi (ilgari MHTEKMning 1,41 baravari edi – 1 mln 159 ming soʻm).

    Ushbu tartib 2022-yil 1-martdan yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

    Yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar 5 yil muddatga yer soligʻidan ozod qilinadi. Ilgari 3 yil edi.

    Ushbu tartib 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.