Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Boʻka tumanidagi kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan oilalar xonadonlariga borib, ularning holidan xabar oldi.
Dastlabki manzil “Jagʻalbayli” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Ergash ota Hotamqulov xonadoni boʻldi. Bu yerda 2 ta oilada 11 ta jon istiqomat qiladi. Kichik oʻgʻli Sobirjon Hatamqulov ancha vaqtdan buyon jigar serrozi bilan ogʻrib, davolanyapti.
Zoyir Mirzayev bemor bilan suhbat chogʻida salomatligini yaxshilash, oilaga yordam koʻrsatish nazoratga olinishini aytib oʻtdi.
Viloyat rahbari hudud faollari barcha xonadonlarda tomorqadan samarali foydalanishni tashkil etish, tovuq, qoramol boqishni yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashishlari zarurligini taʼkidladi.
Shu yerning oʻzida mahallada “Temir daftar” roʻyxatida turuvchi oilalarga Prezident nomidan Yangi yil tabrigi, moddiy yordam va bayram sovgʻalari tortiq etildi.
Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati