“O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi qonun va BMT Bosh Assambleyasining qaroriga asosan mamlakatimizda har yilining 3 dekabrida  “Xalqaro nogironlar kuni” keng nishonlanib kelinadi.

      Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi majlisi bayonida  tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida yurtimizning barcha hududlarida  mazkur sana munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy, sport va xayriya tadbirlarini yuqori saviyada tashkil qilish bo'yicha mutasaddi tashkilot va idoralar zimmasiga muayyan  vazifalar yuklatilgan edi.

      Ana shu topshiriqlar  ijrosini ta'minlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyat bo'limi tashabbusi bilan viloyat “Nogironlar” jamiyati hamkorligida Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi nogironligi bo'lgan fuqarolar o'rtasida sportning shaxmat va shashka turlari bo'yicha musobaqa tashkil etildi.

Jizzax shahridagi olimpiya zaxiralari kolleji binosida bo'lib o'tgan musobaqada viloyat mahallalarining 30 nafardan ziyod imkoniyati cheklangan fuqarolari ishtirok etdi. Qizg'in kechgan tadbirning  shaxmat bo'yicha bahslarida g'oliblikni Jizzax shahar, “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig'inidan  yashovchi 2-guruh nogironi Mavluda Qosimova qo'lga kiritdi. SHashka bahslarida 1-o'rin “Toshloq” mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiluvchi   birinchi guruh nogironi  Husan Norqo'zievga nasib etdi.

      Sport tadbiri yakunida g'oliblar va sovrindorlarga  “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi tomonidan eshitish moslamasi, ko'rpa-to'shak jildlari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa sovg'alar taqdim qilindi.

Xudoyberdi Karimov.