Nogironligi boʻlgan shaxslar bandligini taʼminlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi

    Ijtimoiy hayot 3 Iyul 2025 1935

    Hukumat qarori (405-son, 01.07.2025-y.) bilan “Nogironligi boʻlgan shaxslar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, ularning bandligini taʼminlash hamda mehnat qilishini qoʻllab-quvvatlashni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizom nogironligi boʻlgan shaxslar bandligini taʼminlagan tadbirkorlar hamda xususiy bandlik agentliklariga quyidagi qoʻllab quvvatlash choralarini taqdim etish tartibini belgilaydi:

    • bandlikka koʻmaklashish subsidiyasi;
    • ish oʻrinlariga moslashtirish subsidiyasi.

    Nizomga koʻra, “Nogironligi boʻlgan shaxslar bandligiga koʻmaklashish elektron reyestri“ axborot moduli yuritiladi.

    Bandlikka koʻmaklashish subsidiyasi quyidagi talablarga javob beradigan tadbirkorlarga ajratiladi:

    • elektron reyestrda turgan I va (yoki) II guruh nogironligi boʻlgan shaxsni kamida 3 oy davomida uzluksiz rasmiy bandligini taʼminlagan;
    • mazkur davrda unga har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi toʻlagan.

    Ish oʻrinlariga moslashtirish subsidiyasi bandligi taʼminlangan I va (yoki) II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun surdotarjimon, psixolog yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln soʻmgacha miqdorda ajratiladi.

    Subsidiyaning har oylik miqdori quyidagicha:

    • surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravari;
    • psixolog xizmati uchun BHMning 10 baravari;
    • hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravari.

    Tadbirkorlar ushbu subsidiyalarni olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizim yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron soʻrovnomani toʻldirish orqali murojaat qiladi.