Nizom nogironligi boʻlgan shaxslar bandligini taʼminlagan tadbirkorlar hamda xususiy bandlik agentliklariga quyidagi qoʻllab quvvatlash choralarini taqdim etish tartibini belgilaydi:

  • bandlikka koʻmaklashish subsidiyasi;
  • ish oʻrinlariga moslashtirish subsidiyasi.

Nizomga koʻra, “Nogironligi boʻlgan shaxslar bandligiga koʻmaklashish elektron reyestri“ axborot moduli yuritiladi.

Bandlikka koʻmaklashish subsidiyasi quyidagi talablarga javob beradigan tadbirkorlarga ajratiladi:

  • elektron reyestrda turgan I va (yoki) II guruh nogironligi boʻlgan shaxsni kamida 3 oy davomida uzluksiz rasmiy bandligini taʼminlagan;
  • mazkur davrda unga har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi toʻlagan.

Ish oʻrinlariga moslashtirish subsidiyasi bandligi taʼminlangan I va (yoki) II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun surdotarjimon, psixolog yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln soʻmgacha miqdorda ajratiladi.

Subsidiyaning har oylik miqdori quyidagicha:

  • surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravari;
  • psixolog xizmati uchun BHMning 10 baravari;
  • hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravari.

Tadbirkorlar ushbu subsidiyalarni olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizim yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron soʻrovnomani toʻldirish orqali murojaat qiladi.