Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 13 Avgust 2021 5182

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, bolalarni reabilitatsiya qilish, to‘laqonli hayot tarzini yuritishiga ko‘maklashish hamda imkoniyatlarini oshirish uchun ularni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash, sohada axborot-kommunikatsion texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2021 yil 28 iyul kuni o‘tkazilgan nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarni samarali bajarish maqsadida:

    1. Quyidagilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ayniqsa, bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini bugungi bosqichda yaxshilashning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:

    maktabgacha va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan eshitish qobiliyati zaif bolalarni zamonaviy eshitish moslamalari bilan ta’minlash orqali moslashtirilgan (adaptiv) o‘quv tizimini joriy qilish;

    koxlear implantatlarini o‘rnatish bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdan oldin va undan keyingi reabilitatsiya jarayonini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq bepul amalga oshirish;

    bolalarni tug‘ma, patologik va orttirilgan suyak-mushak tizimidagi o‘zgarishlar va deformatsiyalarni davolash uchun zarur bo‘lgan tibbiyot buyumlari va endoprotezlar bilan uzluksiz ta’minlash, jumladan, ekzoskelet uskunasini olib kirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning odatiy hayotga moslashuvini tezlashtirish;

    bosh miyadagi patologik o‘zgarishlar (jumladan, gidrotsefaliya) bilan tug‘ilgan bolalarning, shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlardagi tug‘ma yurak nuqsonlarining jarrohlik amaliyotini o‘tkazishni davlat ta’minotiga olish;

    nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy elektr yuritmali nogironlar aravachalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash;

    ko‘zi ojiz bolalar va kattalarni hayoti uchun zarur bo‘lgan texnik vositalar, jumladan, ovozli termometr, ovozli tonometr va yig‘ma Brayl alifbosi bilan bosqichma-bosqich ta’minlash.

    2. Eshitish qobiliyati zaif bolalarni davolashni sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning odatiy hayotga moslashuvini osonlashtirish borasida 2021 yil va kelgusi yillarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilsin:

    2021 yil yakuniga qadar 2 ming dona zamonaviy eshitish moslamalarini xarid qilish va ularni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan eshitish qobiliyati zaif bolalarga yetkazish;

    2021 yilda xarid qilinishi rejalashtirilgan 260 ta koxlear implantatlariga qo‘shimcha ravishda 355 ta koxlear implantatlarini xarid qilib, ularni 5 yoshgacha bolalarga jarrohlik amaliyoti orqali o‘rnatish;

    2021 yilda qo‘shimcha 2 ming nafargacha, 2022 yildan boshlab esa har yili 3 ming nafargacha bolaga tug‘ma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patologik o‘zgarishlar (jumladan, gidrotsefaliya) bo‘yicha jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish;

    har yili kamida 110 nafar bemor bola uchun transpedikulyar tizim (fiksatorlar) to‘plamlarini xarid qilgan holda, ularda skolioz va umurtqa pog‘onasining boshqa patologiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish;

    yiliga o‘rtacha 1 000 nafar bolaga tug‘ma va patologik son chiqishini jarrohlik amaliyotlari orqali davolash uchun zarur metall konstruksiyalarini sotib olish;

    har yili kamida 140 nafar bemor bolada ko‘krak qafasi deformatsiyasini davolash uchun 150 ta maxsus plastinalarni xarid qilish va o‘rnatish;

    bemor bolalarga tug‘ma oyoq-qo‘l patologiyalarini davolash uchun 350 ta Ilizarov apparatlarini xarid qilish;

    har yili kamida 100 nafar bemor bolaga jarrohlik amaliyotlari davomida suyak defektlarini to‘g‘rilash uchun kollopan granulalarini xarid qilish;

    bolalar serebral falaji, umurtqa pog‘onasining patologik sinishi bilan kasallangan bolalar va kattalarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlarini 2021-2023 yillarda 54 ta, shundan 2021 yilda 14 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi bilan ta’minlash;

    2021-2025 yillarda 11,6 ming dona, shu jumladan, 2021 yilda 1 100 dona elektr yuritmali kreslo-aravachalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xarid qilish;

    ko‘zi ojiz bolalar va kattalarni 9 ming dona ovozli termometr, 10 ming dona ovozli tonometr, 20 ming dona yig‘ma Brayl alifbosi bilan ta’minlash;

    o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar og‘ir va favqulodda vaziyatlarga tushganda ularga tezkor yordam ko‘rsatish haqida xabar berishning innovatsion loyihasini amaliyotga joriy etish. Bunda, 2021 yilda 5 mingtagacha va 2022-2023 yillarda 12 mingta maxsus funksiyaga ega soatning (“Aqlli soat”) Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tegishli toifadagi shaxslarga yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish.

    3. 2022 yil 1 mayga qadar“Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishlab chiqilsin va ishga tushirilsin.

    Belgilansinki, platforma:

    tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohasida xizmatlarni axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida ko‘rsatish bo‘yicha maxsus elektron dasturiy ta’minot hisoblanadi;

    protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalariga muhtoj bo‘lgan shaxslarning shaffof elektron navbat tizimini ta’minlaydi;

    nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish, ularni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi;

    protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarining yaroqlilik muddatini nazorat qilish, ularga kutilayotgan ehtiyojni aniqlash, mazkur moslamalar va vositalar bilan o‘z vaqtida ta’minlashni amalga oshirish uchun barvaqt zarur zaxira yaratish imkoni beradi;

    nogironligi bo‘lgan shaxs yoki uning vakili tomonidan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha tezkor murojaat qilish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

    4. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) mazkur qarorning 1–3 bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2021 yilda Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratsin, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablag‘larni inobatga olsin.

    5. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash (B.A.Musayev):

    bir oy muddatda mazkur qarorning 1 va 2-bandlarida belgilangan vazifalarni 2021 yil va kelgusi yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini, shuningdek, 3-bandida belgilangan platformani yaratish, uning buyurtmachisini aniqlash hamda kelgusida texnik qo‘llab-quvvatlash va modernizatsiya qilib borishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;

    ikki oy muddatda tegishli jamoat tashkilotlari va malakali mutaxassislar bilan birgalikda 2022 yildan boshlab yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini neonatal skriningdan o‘tkazishni to‘liq joriy etish bo‘yicha taklif kiritsin;

    zarur hollarda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat, tibbiyot muassasalarining pandemiya davridagi yuklamasi hamda amaldagi ehtiyojlardan kelib chiqib, mazkur qarorning 2-bandida belgilangan ko‘rsatkichlarga o‘zgartirish kiritsin.

    6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda:

    joylardagi infratuzilmalarning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayligini bosqichma-bosqich ta’minlashga yo‘naltirilgan choralarni, shu jumladan, yangi qurilayotgan ob’ektlar, yo‘l infratuzilmasi, faoliyat yuritayotgan jamoat transporti va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan bo‘lgan talablarga rioya etilishini ta’minlasin;

    nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlasin, ular bilan ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarini tuzsin;

    nogironligi bo‘lgan shaxslarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, ijtimoiy hayotda faolligini oshirish, ular uchun ma’rifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish kabi masalalar yuzasidan loyihalarni amalga oshirsin.

    7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov, sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev va moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari B.A.Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari D.M.Kenjayev zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

    O‘zbekiston RespublikasiPrezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 9 avgust